O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida mintaqaviy va xalqaro masalalarga to‘xtalib o‘tdi. «O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida Qirg‘izistonni tinchlik yo‘li bilan rivojlanishga bo‘lgan harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar to‘xtatilgani va kelishuvga erishilganini qayd etdi. Ushbu hududda tez orada tinchlik va osuda hayot tarzining tiklanishiga umid bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev bugungi pandemiya sharoitida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni, «Shanxay ruhini» mustahkamlash har qachongidan ham muhimroq ekanligini ta’kidladi. «SHHT faqat har birimiz kuchli bo‘lsakkina kuchli bo‘ladi», — dedi prezident.

Prezident nutqida birinchi navbatda iqtisodiy aloqalarning muhimligini tilga oldi. «Bizning asosiy maqsadimiz savdo va iqtisodiy aloqalarni, ishlab chiqarish kooperatsiyalarini jonlantirish. Aminmanki, ushbu maqsadga erishishning eng samarali usuli inqirozga qarshi dasturlarni birga amalga oshirish, o‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siqlarni yo‘q qilish va bojxona talablarini soddalashtirishdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Pandemiya raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirib yubordi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylanmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev. U SHHT mamlakatlari doirasida aholining raqamli savodxonlik darajasini oshiruvchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, prezident hozir raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik olib borishning ayni vaqti ekanligini ta’kidladi.

«Hozirgi sharoitda asosiy e’tiborni aholining muhtoj qatlamiga yordam berish va qambag‘allik darajasini kamaytirishga qaratish muhim», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbari ushbu yo‘nalishda ham SHHTga a’zo mamlakatlarni hamkorlikka chaqirdi va ushbu masalani amalga oshirish, dastur ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekistonda halqaro forum o‘tkazishni taklifi bilan chiqdi. «Aminmanki, ushbu masalani amalga oshirishda Xitoy Halq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foyda bergan bo‘lar edi», — ta’kidladi prezident.

Prezident koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan yordam uchun Rossiya va Xitoyga minnatdorchilik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi yakunida 2021 yil aprel oyida Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro aloqalari va imkoniyatlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan halqaro konferensiyada Afg‘onistonning Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi mavqeini qaytarish masalasini muhokama qilishga chaqirdi.