Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Telegram kanali orqali piyoda yurib shaxsiy namuna ko‘rsatish maqsadida 10 ming qadam bosib o‘tganini ma’lum qildi.

«Yakshanba kuni peshinda Xorazmdan qaytgach, tushlikdan so‘ng ishxonaga yayov yurib borishni bir tekshirib ko‘rishga harakat qildim. Taxminan 2 soatlarda 9 kilometrni bemalol yurib borsa bo‘lar ekan. Albatta, birdan ko‘p yurilganiga ertasiga ozgina oyoq og‘rig‘i bo‘ldiyu, keyin o‘tib ketdi. Ertasi kuni esa odam o‘zini ancha tetik xis qilib, yana yayov yurgisi kelarkan», — deya ta’kidlaydi vazir.

Sherzod Shermatov vazirlik yangi binoga ko‘chib o‘tganidan keyin, ishxonada 8 qavatga liftdan foydalanmay chiqishni yo‘lga qo‘yganligini ta’kidlaydi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, keyin zinadan foydalanish xodimlar orasida ommalashgan. «Shuning uchun ham, shaxsiy namuna deyilgani bejizga emas», — deydi u.

«Nasib qilsa, pandemiyadan qutilib, davlat ishidagi rahbar kadrlarda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha shaxsiy namuna ko‘rsatishiga yanada ko‘proq vaqt bo‘ladi», — deya yakunlaydi Xalq ta’limi vaziri.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga asosan, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi.

Rahbarlar shaxsiy na’munalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishadi.