9 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, Qurilish vazirligi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar ro‘yxatini shakllantiradi va «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida tashkil etilgan reyting dasturiga joylashtiradi. Reyting uchun zarur ma’lumotlarni besh kun mobaynida vazirlik va idoralar axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minot vositasida kiritadi. Qurilish vazirligi esa mazkur ma’lumotlar asosida «Shaffof qurilish» tizimi ko‘magida reytingni avtomatik ravishda hisoblab chiqadi. Natijalar vazirlik saytida e’lon qilib borishi belgilangan.

Qurilish vazirligi Matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov «Gazeta.uz» muxbiriga mazkur reyting natijalari tanlov savdolarida [tender] qo‘llanilishi, reytingda yuqori o‘rinda turuvchi tashkilotlar tanlov ishtirokchilari orasida ustunlikka ega bo‘lishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, qarorga muvofiq, «Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlanmoqda.

Unga ko‘ra, qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi ularning salohiyatidan kelib chiqib, 6 ta guruhdan iborat me’zonlar bilan o‘lchanadi va o‘zida 71 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi. Salohiyatni aniqlashda tashkilotning malakali mutaxassilari, moliyaviy ko‘rsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshliligi kabi mezonlar inobatga olinadi.

Reyting ballari tegishli ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari aniqlanadi. Har bir mezon ko‘rsatkich ballar [foizlar] yig‘indisidan iborat va ular tashkilotlar reytingini aniqlab beradi.

Loyiha-qidiruv tashkilotlari reytingi — korporativ boshqaruv tizimi, moliyaviy barqarorligi, samaradorligi va sohadagi faolligi, faoliyat natijadorligi, ishlab chiqarish samaradorligi hamda sohaga oid boshqa mezonlardan iborat 25 ta ko‘rsatkich bo‘yicha aniqlanadi.

Nizomning 3-ilovasi.

Qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi — kadrlar siyosati [23%], moliyaviy ko‘rsatkichlari [21,5%], raqobatbardoshligi [20%], ish tajribasi [16%], moddiy texnik baza [10%], mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi [6,5%], texnologiyalashtirish [3%] kabi guruh mezonlarida 20 ta mezon va 60 ta ko‘rsatkichda aniqlanadi.

Grafika: Qurilish vazirligi axborot xizmati.

Qurilish-pudratchi tashkilotlar reyting natijalari ishonchlilik toifasi bo‘yicha A, B, C, D darajalariga, ular o‘z navbatida reyting bahosiga ajratilgan. Ishonchlilik darajasi esa birinchi, ikkinchi va uchinchi toifalarda yuqori, o‘rta, qoniqarli va quyi darajalarga bo‘linadi. Umumiy ballar foizlarda ko‘rsatiladi va birinchi yuqori darajada [AAA] 85 foizdan yuqori, uchinchi quyi darajada esa [D] 5 foizgacha baholanadi. Shu orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudratchi tashkilotlar reytingi hisoblab chiqiladi. Reyting natijalari minimal xavf [eng yuqori daraja] va yuqori xavf [eng past daraja]lar bo‘yicha baholanadi.


Qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi natijalariga ko‘ra, tashkilot bahosi «A» va «B» darajasidagi ishonchlilik toifasiga mansub bo‘lgan taqdirda, ob’ekt foydalanishga topshirilgach, buyurtmachi tomonidan kafolat muddati inobatga olinmasdan ob’ekt qiymatining 5 foizi miqdorida mablag‘ to‘lab beriladi.

Umuman olganda, mazkur reytingni yuritish loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning faoliyatini rag‘batlantirish, qolaversa, qurilish-montaj va loyiha ishlari sifatini sohalar bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlardagi darajaga olib chiqishga zamin yaratadi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati rahbari, shuningdek, reyting uchun maxsus sayt yaratilgani va hozirda unda ilk natijalar kiritilganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, reytingni ishlab chiqish uchun «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga kiritiladigan ma’lumotlar barcha uchun ochiq va bu kompaniyalar haqida ishonchli ma’lumot olish uchun platforma vazifasini o‘taydi.

Maxsus veb sahifada qayd etilgan ma’lumotga qaraganda, hozirda jami 36 198 ta tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan eng yuqori natija qatorida «birinchi o‘rta daraja» toifasida ikkita, «ikkinchi o‘rta daraja»da yettita, «uchinchi o‘rta daraja»da 12 ta, «birinchi qoniqarli daraja»da 237 ta tashkilot qayd etilgan. Hozircha yuqori daraja toifasiga biror kompaniya kiritilmagan. Eng past natijada esa — «uchinchi quyi daraja» toifasida 16 ta tashkilot keltirilgan. Qolgan sub’ektlar «ikkinchi quyi daraja»dan «ikkinchi qoniqarli daraja» toifasigacha kiritilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu nizom talablari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Avvalroq, prezident farmoni bilan qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat berilgani haqida xabar qilgandik. Bunda naqd pul mehnatga haq to‘lash fondining 10 foizidan oshmasligi, ishchilarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari saqlab qolinishi belgilangan edi.