Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin va Ilhom Aliyev bilan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘xtatilishi to‘g‘risida bayonot imzolaganini aytdi. Shartnoma imzolanganligi haqidagi ma’lumotni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi.

«Sputnik Armeniya» tomonidan nashr etilgan xabar матнигаko‘ra, mintaqaga Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari olib kelinmoqda va Armaniston «Agdam viloyati va Ozarbayjonning Gazax viloyatida Armaniston tomonidan ushlab turilgan hududlarni» 20 noyabrgacha Ozarbayjonga qaytarishga majbur.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘ga olib kelinishini tasdiqladi.

Bundan tashqari, ko‘chirilgan shaxslar va kochqinlar Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlarga BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi nazorati ostida qaytib kelmoqdalar. Harbiy asirlarni, hibsga olingan shaxslarni va halok bo‘lganlarning jasadlarini o‘zaro almashinishi amalga oshiriladi.

Qo‘shma bayonot matnida ta’kidlanganidek, Rossiya Tog‘li Qorabog‘ga 1960 nafar tinchlikparvar kuchlarni, 90 ta zirhli transportyorlarni, 380 ta avtomobil va maxsus texnikalarni yuboradi. Harbiylar, agar Boku va Yerevan bunga qarshi bo‘lmasalar, kelgusi besh yilga avtomatik ravishda uzaytirilishi bilan 5 yil davomida Qorabog‘da qoladi. Shuningdek, u tinchlikparvarlik missiyasi Turkiya bilan birgalikda o‘tkazilishini aytdi, deya uning so‘zlarini keltiradi Interfaks.

Shartnomadagi bandlarga asoslanib, Yerevan Ozarbayjonning bosib olingan bir necha viloyatlarini berishga va qo‘shimcha ravishda Tog‘li Qorabog‘ respublikasining bir qismini, shu jumladan uning madaniy poytaxti Shushini yo‘qotishga rozi bo‘ldi.

«Aziz fuqarolar, birodarlar va opa-singillar shaxsan men uchun va barchamiz uchun nihoyatda og‘ir qaror qabul qildim. Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari bilan birgalikda soat 01:00 dan boshlab Qorabog‘ urushini tugatish to‘g‘risidagi bayonot imzoladim», — deya yozgan Pashinyan o‘zining Facebook sahifasida.

Armaniston bosh vaziri ushbu qaror «harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilish natijasida» qabul qilinganini ta’kidladi. U bunday qadamni hozirgi vaziyatda eng yaxshisi deb atadi va harbiy harakatlarning to‘xtatilishini g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham emasligini aytib o‘tdi.

«Biz mag‘lub bo‘lganimizni hech qachon tan olmaymiz va bu bizning milliy birligimiz va tiklanishimizning boshlanishi bo‘lishi kerak. Men barcha qurbonlarimiz oldida tiz cho‘kaman. Arsax armanlari. Biz oxirgacha kurashdik va biz g‘alaba qozonamiz. Arsax turibdi. Yashasin Armaniston, yashasin Arsax», — deb so‘zlarini yakunladi Pashinyan.

Norozilik namoyishlari

Pashinyanning bayonotidan keyin Yerevanda norozilik aksiyalari boshlandi. RBK xabariga ko‘ra, hukumat binosi yaqinidagi poytaxtning markaziy maydonida bir necha yuz kishidan iborat namoyishchilar Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan noroziligini bildirib, namoyishga chiqishgan. Namoyishchilar Pashinyan va mamlakatning sobiq prezidentlari Robert Kocharyan va Serj Sarkisyanga qarata «chenk talu» (bermaymiz) va behayo so‘zlarni aytib baqirishdi. Mahalliy vaqt bilan tungi soat 2:30 atrofida bir guruh fuqarolar derazalar va singan eshiklar orqali hukumat binosiga bostirib kirib, majlislar zalini vayron qilishdi.

Nikol Pashinyan Facebookda jonli efirga chiqib, boshqa iloj yo‘qligini va Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashning barcha sabablarini hozircha oshkor eta olmasligini aytdi. Shuningdek, u Yerevandagi tartibsizliklar ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga va’da berdi.


Nikol Pashinyan / Facebook.

Harbiy harkatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tarixiy va uzoq muddatli tinchlikka olib keladi, deya ta’kidladi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev.

«Aytishim kerakki, biz ko‘rib turgan mojaroni harbiy-siyosiy tartibga solish, uzoq muddatli tinchlikka, mintaqamizdagi kelishuvga, qarama-qarshilik va qon to‘kilishiga barham berishiga ishonchim komil», — Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida Aliyev Putinga shunday dedi.

Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat 27 sentabr kuni keskinlashganligi haqida xabar bergan edik. Armaniston va Ozarbayjon jangovar harakatlarda bir-birlarini ayblab kelishgan edi. Rossiya, AQSH va Fransiya rahbarlari qarama-qarshi tomonlarni to‘qnashuvlarni to‘xtatishga va oldindan shartlarsiz muzokaralarni boshlashga chaqirishgan.
Vaziyat Anqaraning Bokuni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan murakkablashgan edi.