Vazirlar Mahkamasining 9 noyabrdagi «Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.

Qaror bilan quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:

  • bojxona yig‘imlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirildi [3 turdagi bojxona stavkasi biriktirilib, 11 turdagisi bekor qilindi];
  • barcha bojxona yig‘imi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan holda qat’iy belgilandi;
  • eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tovarlarni «eksport» bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yig‘im miqdori o‘rtacha 35 foizga pasaytirildi.

Eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yig‘imi 10 mln so‘mni (ming dollar), yangi stavkalarda yig‘im miqdori 5,6 mln so‘mni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksportyor tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard so‘m yengillik yaratilmoqda.

Shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me’yoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari kamaytirilmoqda.

Eski norma bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning me’yordan oshgan qismiga 0,2 foiz [ammo 25 dollardan kam bo‘lmagan] miqdorida bojxona yig‘imi undirilgan.

Masalan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yo‘l orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSH dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona to‘lovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun avval 25 dollar (12,5 foiz) to‘langan bo‘lsa, yangi tartib bo‘yicha 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yig‘im undiriladi.

Bundan tashqari, bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yig‘imi joriy etilmoqda.

Mazkur qaror 2021 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, hozirga qadar bojxona yig‘imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 apreldagi «Bojxona yig‘imlari stavkalari to‘g‘risida» qarori bilan belgilangan bo‘lib, u o‘z ichiga 19 ta bojxona yig‘imlari turlari olgan edi. Mazkur bojxona yig‘imlari stavkalarining aksariyati foizda belgilangan bo‘lib, Jahon savdo tashkilotining (JST) Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiq bo‘lmagan.