Jons Xopkins universiteti (AQSH) ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 10,1 million kishidan oshdi. Mamlakatda oxirgi kun davomida infeksiya yuqtirganlar 119,9 ming nafarga ko‘paygan.

AQSHda asosiy infeksiya tarqalish o‘choqlari Texas, Kaliforniya va Florida shtatlari bo‘lib turibdi. Mamlakat bo‘yicha shu kunga qadar 238 mingdan ortiq inson COVID-19 asoratlari sabab vafot etgan.

AQSHda kasallanganlar sonining kundan kunga ortib borayotgani sababli, Jo Bayden amerikaliklarni o‘z hayotlarini saqlab qolish maqsadida niqob taqib yurishga chorladi. «Men 20 yanvarga qadar prezident bo‘lmayman, ammo mening barchaga bugungi murojaatim: niqob taqing», — dedi u o‘zining shaxsiy Twitter’ida.

«COVID tarqalishini to‘xtatish uchun qila olishimiz mumkin bo‘lgan eng samarali narsa bu niqob taqishdir. Yaqin kelajakkacha niqob virusga qarshi eng samarali qurol bo‘lib qolaveradi», — dedi Jo Bayden brifingda.

Shuningdek, Hindiston (8,59 mln) va Braziliya (5,67 mln) mamlakatlarida ham bemorlar soni borgan sari oshmoqda.

Dunyo bo‘ylab so‘nggi kun davomida COVID-19 bilan kasallanganlar soni 495 mingga ko‘paygan. Avvalroq dunyo bo‘yicha infeksiya yuqtirganlar soni 50 mln dan oshgani haqida xabar bergan edik.