Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning «Kun.uz» nashriga xabar berishicha, Xitoy vaksinasi Toshkentga olib kelindi. Vaksinanining uchinchi klinik sinovlari reja bo‘yicha 5000 ko‘ngilli odamda va faqat Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Vaksina hozirda maxsus sharoitlarda saqlanmoqda.

Vazirning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi faza sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha xitoylik hamkorlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Hamkorlar bilan vaksina sinovlari o‘tkaziladigan oilaviy poliklinikalar bilan tanishish va sinov tuzilmasini ishlab chiqish masalasida gaplashib olindi.

«4 kishi kecha kelgan bo‘lsa, yana 5 nafar xitoylik mutaxassis kelishini kutyapmiz. Ular 4 oy davomida sinovlarni o‘tkazish jarayonida biz bilan birga ish olib borishadi. Vaksinalar sinovini qanday o‘tkazish kerakligi, tartib qanaqa bo‘lishi va ularning kuzatuvi qay tarzda olib borilishi bo‘yicha birinchi galda shifokorlarimiz bilan treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ikkinchidan, umumiy jarayonni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yamiz. Ikkita markazimiz bor: Ilg‘or texnologiyalar markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya instituti. Xitoy kompaniyasi tomonidan jo‘natilgan vakillar sinovlar asosan qaysi poliklinikalarda o‘tkazilishi bo‘yicha savollar berishdi. Xitoyliklar birinchi galda sinov o‘tkaziladigan oilaviy poliklinikalar va ulardagi shart-sharoitlar bilan qiziqishdi. Bundan hamkorlarimiz har bir oilaviy poliklinikadan o‘n nafardan shifokor va hamshiralar tanlab olib ular bilan suhbat o‘tkazishmoqchi», — deya ma’lum qildi Ibrohim Abdurahmonov.

Vaksina hozir Xitoydan Toshkentga olib kelingan. Vaksinalar maxsus sharoitlarda saqlanyapti. Ko‘ngillilar jamoasini shakllantirib olingandan so‘ng har bir oilaviy poliklinikada imkoniyatdan kelib chiqib ma’lum sondagi ko‘ngillilar bo‘yicha sinov ishlari amalga oshiriladi.

«Yana bir savol tug‘ilyapti — sinovlar viloyatlarda ham o‘tkazilishi haqida. Yo‘q. Bu hozir tadqiqot bo‘lgani uchun faqat Toshkent shahrida o‘tkazamiz. Buning o‘ziga yarasha qulayliklari bo‘lishi kerak. Monitoring jarayonini samarali tashkil qila olishimiz juda muhim hisoblanadi», — deb ta’kidlab o‘tdi innovatsion rivojlanish vaziri.

Avvalroq Xitoyda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi 5 mingga yaqin o‘zbekistonlikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edik. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani uchinchi bosqich klinik sinovlarini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgan edi.