BAA hukumati spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, o‘z joniga qasd qilishga urinish va turmush qurmagan juftliklarning birgalikda yashaganligi uchun belgilangan jazolarni bekor qildi. Bu haqda The National xabar bermoqda.

«BAAda 200 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi va ular o‘z yehtiyojlarini qondirishga harakat qilishadi. Islohotlar ajrashish, vasiyat va mol-mulkni bo‘lish, spirtli ichimliklar, o‘z joniga qasd qilish va ayollarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga ta’sir qiladi», — deyiladi xabarda.

Ajralish

Eng muhim voqealardan biri ajralish, turmush o‘rtoqlarning alohida yashashi va nikoh buzilgan taqdirda mol-mulkni bo‘lish bilan bog‘liq. Agar er-xotin o‘z mamlakatida turmush qurgan bo‘lsa, lekin BAAda ajrashgan bo‘lsa, nikoh qilingan mamlakatning qonunlari amal qiladi. Yangi qonunda qo‘shma aktivlar va qo‘shma hisob-kitoblar, shuningdek, ikki tomon o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, sud vositachilikka jalb etilishi mumkinligi qayd etilgan. Faqatgina BAAda sotib olingan ko‘chmas mulk mamlakat qonunchiligiga muvofiq boshqariladi.

O‘z joniga qasd qilish va o‘z joniga qasd qilishga urinish

O‘z joniga qasd qilish va o‘z joniga qasd qilishga urinish holatlariga nisbatan jazo bekor qilindi. Shu paytgacha o‘z joniga qasd qilishga urinib ko‘rgan, ammo omon qolgan har bir kishi jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Politsiya va sudlar bunday shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatadilar. Biroq, o‘z joniga qasd qilishga yordam bergan har bir kishi muddatsiz qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Ayollarni ta’qib qilish

Ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qator o‘zgartirishlar kiritildi. Oldinroq erkak qarindoshi «sharafni himoya qilish» bahonasida ayol qarindoshiga tajovuz qilgani uchun yengilroq jazo olishi mumkin bo‘lgan. Endilikda, bunday hodisalar boshqa jinoyatlar kabi ko‘rib chiqiladi. Har qanday turdagi ayollarni bezovta qiladigan erkaklar uchun qattiqroq jazo choralari qo‘llaniladi.

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilganlar endi jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Ruxsat berilgan joylarda spirtli ichimliklar litsenziyasiz ichgan, spirtli ichimliklar saqlaydigan yoki alkogolli ichimliklar sotadigan kishi jazolanmaydi.

Birlashgan Arab Amirliklari qonunlariga ko‘ra, spirtli ichimliklarni iste’mol qiluvchi shaxs kamida 21 yoshda bo‘lishi kerak. Voyaga yetmaganlarga spirtli ichimliklarni sotishda qo‘lga olingan har bir kishi jazolanadi.

Nikohlanmagan juftliklar uchun birgalikda yashash

Birinchi marta qonun nikohsiz juftliklarga qonuniy ravishda birgalikda yashashga imkon beradi. Shu paytgacha turmush qurmagan er-xotin yoki hatto qarindoshligi bo‘lmagan xonadoshlar uchun BAAda bitta uyda yashash noqonuniy edi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar va yangi qonunlarning kiritilishi muhim shaxsiy va fuqarolik qonunlarini tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, amirlik fuqarosi bo‘lmaganlarga shaxsiy hayotlarini o‘z mamlakatlari qonunlariga muvofiq olib borish imkoniyatini beradi.