Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov «Avtomashinasiz 10 kun» aksiyasini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi фармонни imzolagan edi. Hujjat bilan rahbarlar shaxsiy na’munalari orqali semizlik darajasini kamaytirishi, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilashi, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan edi.

«Prezident birinchi rahbarlar shaxsiy namuna ko‘rsatishi va sport bilan shug‘ullanishi kerak, odamlarni rag‘batlantirib, sportga jalb etaylik degan. Shu nuqtai nazardan, men taklif etayapman, davlat idora organlari rahbarlari va barcha xodimlari 11 noyabrdan 21 noyabrgacha ertalab, kechqurun uyidan ishga, ishdan uyiga faqat piyoda boradi. Davlat va shaxsiy mashinasini minish yo‘q. Mana men — viloyat hokimi ertalab ishga 8 yoki 9 da keladigan bo‘lsam, endi ishga piyoda kelib, kechqurun ham ishdan piyoda ketaman», — dedi Erkinjon Turdimov.

Hokimning aytishicha, biror bir tumanga, misol uchun, Oqdaryo tumaniga borish lozim bo‘lsa, xizmat mashinasi hokimni olib borib, qaytishda uyiga emas, ishxonasiga tashlab qo‘yadi. U esa uyiga piyoda ketadi.

«Ikkinchi yo‘l, uzoqroq bo‘lsa, velosiped bor. Uchinchisi, jamoat transporti. Marhamat, jamoat transportidan foydalaning. Ham transportni, ham qanaqa qatnashini bilib oladi [mansabdor shaxs]. Tushliq vaqtida agar uyda bo‘lsa, xizmat mashinasida ketaverish kerak. Chunki tushlikka uzoq ketadi piyoda borsa», — dedi hokim.

Erkinjon Turdimov aksiya davlatdan oylik oladiganlarga taalluqli ekanini ta’kidlagan. «Qolganlar bizni taklifimizni qo‘llab-quvvatlashsa nur ustiga, a’lo nur bo‘ladi. Buni jamoatchilik, jurnalistlar va blogerlar nazorat qilishi kerak», — dedi u.

«Hokim piyodalar yo‘lagidan uyiga boradi. Agar u yo‘q bo‘lsa, insofi bo‘lsa, keyin piyodalar yo‘lagini qiladi. Bu faqat shahar hokimiga emas, hamma tumandagilarga ham taalluqli», — deya ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning mazkur farmoniga asosan, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi, qolaversa, odamlarning yurgani uchun haq to‘lanishi belgilangan edi.