5 noyabr kuni maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Uchrashuv doirasida maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim tizimini isloh qilish masalasi alohida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston hududida o‘yinchoqlar va turli xil o‘yin uskunalarini hamda didaktik materiallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, suhbatdan Davlat maktabgacha ta’lim muassalarida xitoy tilini qo‘shimcha chet tili sifatida o‘rganish, bu borada xodimlar malakasini oshirish kabi masalalar ham o‘rin oldi. Tomonlar hamkorlikda Toshkent shahrida raqamli bolalar bog‘chasining pilot loyihasini ishga tushirish muhokama qilindi.

Shuningdek, Xitoyning Sun Sinlin jamg‘armasi hamkorligi doirasida ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini oshirish, xodimlarning bilim salohiyatlarini kengaytirish masalalari borasida fikr almashildi.

Hamkorlik doirasida Xitoyda «Bolalarning erta rivojlanishi uchun innovatsion yondashuv» nomli Ikkinchi o‘zbek-xitoy forumini tashkil etish kelishib olindi.

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi nomidan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga 300 dona o‘yinchoq (termos va kubik-rubiklar) sovg‘a qilindi, — deb aytilmoqda xabarda.