Vazirlar Mahkamasining 6 noyabrdagi «Oltin davr» xalqaro musiqa yarmarkasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori hamda uning nizomi qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yildan respublikada tashkil etiladigan xalqaro musiqa anjumanlari va festivallari doirasida «Oltin davr» xalqaro musiqa yarmarkasi o‘tkaziladi.

Yarmarka doirasida asosiy e’tibor xorijiy prodyuser va promouterlar, san’at sohasidagi xalqaro tashkilotlar vakillarini jalb etishga qaratiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning musiqiy asbob-uskunalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalarining teknik va moslamalari, o‘zbek hunarmand ustalari tomonidan tayyorlangan cholg‘u sozlari namoyishi tashkil etilishi va o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Yarmarka xalqaro yarmarkalar va muzokaralar tajribalari asosida ishbilarmonlarning o‘zaro kelishuvi (V2V), ishbilarmon va iste’molchi (V2S) hamda boshqa muloqot formatlarida tashkil etiladi.

Nizomga ko‘ra, yarmarka «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali hamda kelgusida tashkil etiladigan musiqiy tadbidlar doirasida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Yarmarkada ishtirok etish bo‘yicha murojaat qilgan shaxslarga tadbir o‘tkazilayotgan hududdan 3,5×4 metr o‘lchamdagi maydon ajratiladi. Ishtirokchilar belgilangan hududlarda o‘z xizmatlari, stendlar, foloalbomlar, foto, audio va video taqdimotlar, banner va flayerlar orqali targ‘ib qilishlari mumkin.

Mahalliy ishtirokchilarning ichki transport, ovqatlanish, mehmonxona xarajatlari tashkilotchi tomonidan qoplanadi.