7 noyabr kuni Samara viloyati, Samara shahri, Promishlennosti ko‘chasi 33-uy manzilida joylashgan shaxsiy uy yonib ketdi, deb habar bermoqda TIV Konsullik-huquqiy departamenti axborot hizmati.

Yong‘in natijasida 5 nafar odam jarohat olgan, 4 kishi vafot etgan. Jarohatlanganlardan biri O‘zbekiston fuqarosi A.X. N.I.Pirogov nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Tashxis — is gazidan zaharlanish, boshning yumshoq to‘qimalari lat yeyishi.

Vafot etganlarning shaxsi aniqlanmoqda. Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari tergov harakatlarini olib bormoqda. Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olganligi hamda vakolatli organlar va tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turganligini ma’lum qildi.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov viloyati, Mariy Yel Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Qozon shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi: +7−843−526−55−64, +7−843−526−55−65.