Buxoro viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i pora olayotgan paytida ushlangan. Ushbu xabarni Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga tasdiqladi.

Xabar berilishicha, viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i Q.R. «O.» MCHJ rahbari M. dan Buxoro shahar IIB tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinmaganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha jarima tayinlamaslik evaziga 400 AQSH dollari va 500 ming so‘m pora talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Q.R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (mansabdor shaxsning o‘z mavqeidan foydalanib, tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.