O‘zbekiston Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi Chevrolet Tahoe, ikkita Malibu va Lacetti sotib oldi. Bu haqdagi ma’lumotlar davlat xaridlari saytidan o‘rin oldi.

Sotib olish shartnomalari 3−4−5 noyabr kunlari imzolandi. Tahoe 795 million so‘mga, Malibu 2 eng qimmat konfiguratsiyada 324,4 million so‘mga, yana bir Malibu 2 311,1 million so‘mga, Lacetti esa 115,6 million so‘mga sotib olindi. Hammasi bo‘lib avtomobillar sotib olishga qo‘mita 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi.

Hujjatlarda sotib olish sabablari ko‘rsatilmagan, biroq ularning xizmat maqsadlarida foydalanish uchun sotib olingani aniq.

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi prezidentning 2020 yil 2 sentyabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan edi. Davlat organining markaziy apparati tarkibiga rais, uning yordamchisi, birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari, ikkita bo‘lim boshlig‘i, matbuot kotibi va boshqalar kiradi.

2021 yilgi davlat byudjeti loyihasiga ko‘ra, qo‘mitaga 12 milliard so‘m ajratish taklif qilinmoqda.

Avvalroq, Madaniyat vazirligi davlat xaridlari doirasida ikkita Chevrolet Malibu 2 avtomobilini eng qimmat konfiguratsiyasida sotib olgan edi. Mazkur xarid vazirning yana bir o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi, shuningdek, vazirning birinchi o‘rinbosari avtomobilining «eskirishi» bilan izohlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Moliya vazirligi xizmat avtomobillarini sotib olish bo‘yicha byudjet xarajatlari optimallashtirilishi haqida ma’lum qilgan edi. O‘shanda vazirlik ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik (Vazirlar Mahkamasining 2011 yildagi qarori) juda eskirganini ta’kidlab o‘tgan edi.

Avgustda Transport vazirligi davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga xizmat avtomobillarini biriktirish, mashinalarni GPS orqali kuzatish va xizmat avtomobillaridan foydalanish ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishni taklif qilgan edi.