Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami — Tibbiyot xodimlari kuni bilan muborakbod etdi.

«Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat mas’uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari bo‘lib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag‘riga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor.

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tabrikda shuningdek, 2020 yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili bo‘lgani ta’kidlangan.

Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion so‘m, 2019 yilga nisbatan 1,2 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgani, shuningdek, Investitsiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, katta ishlarni amalga oshirish imkonini bergani qayd etilgan.

Prezident qutlovida o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar bugun ijobiy natija berayotgani alohida ta’kidlangan. Shu bilan birga, sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar qatorida erishilgan ijobiy natijalar haqida ham so‘z boradi. Asosiy e’tibor kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu borada 2020 yilda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari bakalavriat bosqichi uchun 27 foiz, magistratura yo‘nalishida 28 foiz va klinik ordinatura tizimida 22 foizga oshirilgan. Shuningdek, hozirda Germaniya, Italiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Belarus, Ukraina kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar zarur mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitilmoqda.

«Butun xalqimiz qatori bugungi og‘ir sinovlardan mardona o‘tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday mas’uliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar, deb ishonaman. Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz shifokorlar!» — deyiladi prezident tabrigida.

Avvalroq, davlat rahbari raisligida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar qilgandik. Prezident unda xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokori oilaviy shifoкорга aylantirilishi hamda 2021 yildan boshlab bolalarga vitamin va yod preparatlari tekinga tarqatilishini ta’kidlagan edi.