Xorijiy OAVlar xabar berishicha, Demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden 2020 yilda AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. U 284 ta saylovchilar kollegiyasining ovozini to‘plagan va 214 ovozga ega raqibi Donald Trampdan katta farq bilan o‘zib ketgan. Vitse-prezident esa Kaliforniya senatori, 56 yoshli Kamalla Xaris bo‘ladi.

Byulletenlarni hisoblash jarayonlari rasman yakuniga yetmadi, biroq Bayden saylovchilar kollegiyasining 270 tadan ortiq ovozini olib g‘alabani naqd qilib qo‘ydi. Saylov yakuniga oz qolganida Jo Bayden eng muhim Viskonsin va Michigan shtatlarida g‘olib bo‘ldi.

CNN, AP, The New York Times va NBC Bayden saylovda g‘olib bo‘lganini e’lon qildi. Lekin hali Baydenning g‘alabasi rasman e’lon qilinmadi. Fox news ma’lumotlari esa Bayden 290 ta ovozni to‘plaganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Fox news

Tramp saylovlar hali yakunlanmagani, qonuniy ravishda topshirilgan byulletenlar natijalari g‘olibni aniqlashini ta’kidlamoqda. TJournal nashri yozishicha, “Amerika xalqi, unga munosib bo‘lgan halol hisoblashni olmagunicha, men tinchlanmayman” — degan Donald Tramp.

Avvalroq, AQSH prezidentlik saylovlarida Jo Bayden eng muhim Viskonsin va Michigan shtatlarida g‘olib bo‘lgani va raqibi Donald Tramp ushbu shtatlardagi ovozlarni hisoblash bo‘yicha shikoyat qilmoqchi ekani haqida yozgan edik.