Bosh prokuraturada korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar hamda vazirlik va idoralarda buning sabab va shart-sharoitlariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ikki yil ichida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganligi uchun 31 nafar soliq xodimi jinoiy javobgarlikka tortilganini ta’kidlagan.

Masalan, Dang‘ara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari T. pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.

«Ushbu firmalarda 268 mlrd. so‘mlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 mlrd. so‘m soliq to‘lovidan qochishga erishilgan, shuningdek jinoiy yo‘l bilan topilgan 200 mln. so‘m legallashtirilgan. Hozirda Turg‘unboyev va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda javob bermoqda», — dedi bosh prokuror.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev qurilish sohasidagi korrupsiya holatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, so‘nggi ikki yilda 1233 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender o‘tkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik — kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korrupsiya ko‘plab kuzatilmoqda.

Misol uchun, Navbahor tuman hokimining birinchi o‘rinbosari X. «Konimex baliqchi» jamiyati rahbari A.dan baliqchilik havzasiga kollektor qazilishiga ruxsat berishi evaziga 11 ming dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.