Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimligi xizmat avtomobili sifatida Chevrolet Trailblazer LZT-AT sotib oldi. Ushbu xarid yilning uchinchi choragida mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi evaziga amalga oshirildi, deya xabar berdi Jizzax MTRK telekanali.

Xabarda qayd etilishicha, 5 oktyabr kuni tuman hokimi Zafar Ro‘ziyev xizmat mashinasini sotib olish uchun mahalliy byudjetdan 370,1 mln so‘m ajratish to‘g‘risida buyruq bergan. Aniqlik kiritilishicha, tuman hokimi kasalxonada davolanmoqda va uning birinchi o‘rinbosari xizmat safarida, shu munosabat bilan ma’lumotni hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Erjigitov sharhladi.

Unga ko‘ra, tuman ma’muriyatiga bitta xizmat mashinasi yetishmagan — hokimning mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosarida xizmat transporti bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashina ilgari shu uchun ajratilgan va qo‘shimcha ravishda byudjetdan ajratilgan mablag‘lar evaziga sotib olingan.

«Hokim minib yurgan Captiva avtomashinasi ta’mirdan chiqarilib, birinchi o‘rinbosarga topshirildi, hokimning birinchi o‘rinbosari boshqargan Lacetti avtomashinasi esa mahalla bo‘yicha o‘rinbosarga ta’mirlab berildi», — deb tushuntirdi Alisher Erjigitov.

Hokim o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, to‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha byudjet rejasi 1,327 mlrd so‘mga oshirib bajarilgan. Ushbu mablag‘larning bir qismi pandemiya davrida tibbiyot birlashmalarini va xalq ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlashga, «temir daftarlar» ga kiritilgan fuqarolarga nafaqa to‘lashga, shuningdek «ayollar» va «yoshlar» daftarlarini tashkil etishga yo‘naltirildi.

Shuningdek, tuman hokimligi vakili hokimiyat hisobida bo‘lgan «Adirobod» mahallasidagi binoning ikkinchi qavati beshta uysiz oilaga berilganligini ta’kidladi. Bunga 250 mln so‘m sarflangan, yana 67 mln so‘mlik mablag‘ Yangikent mahallasi aholisini suv bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Zafar Ro‘ziyev Zarbdor tumani hokimi lavozimiga 2019 yil oktyabr oyida Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilganidan so‘ng tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr-oktyabr oylarida Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on, Pop tumanlari va Samarqand viloyatining Narpay tumanlari hokimliklari ham Trailblazer rusumli avtomashinalar sotib olishgan edi.