Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektorda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidagi muammolar tahlil qilinmoqda. Davlat rahbari umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokoriga aylantirilishini ta’kidlagan.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar qilishicha , yig‘ilishda 2019 yilgi o‘lim holatlarining 60 foizi shu bo‘g‘inda oldini olish mumkin bo‘lgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga to‘g‘ri kelgani aytilgan. Shuningdek, onkologiya yo‘nalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tib bo‘lganidan keyin aniqlanmoqda.

Qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalar yuklatilgan.

Shu bois davlat rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokori haqiqiy oilaviy shifokorga aylantiriladi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar o‘zlariga biriktirilgan oilalar kesimida «tibbiy xarita"lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan ta’minlanadi.

5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador, tug‘ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Kasallikka moyil bo‘lganlar individual patronajga olinadi.

Bunda, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi bor, qandli diabet, infarkt, insult, onkologik va boshqa ijtimoiy kasalliklarga moyil bo‘lganlarning alohida ro‘yxati yuritilib, ular individual patronajga olinadi. Bundan buyon, bepul tibbiy yordam uchun tor soha shifokorlari, tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalariga yo‘llanmani oilaviy shifokor beradi. Shuningdek, bepul tarqatiladigan dorilarga retsept berish ham oilaviy shifokorlarga yuklatiladi.

Mahalladagi aholining salomatlik ko‘rsatkichlari, hududdagi kasalliklarning o‘sishi, aholining shifoxonalarga yotishi va tez yordamga murojaatiga qarab oilaviy shifokorlar faoliyatiga baho beriladi.

«Bizda kim xohlasa yo‘llanma beraveradi. Umumiy amaliyot shifokoriga hurmat yo‘q, u vaziyatni bilishi kerak-ku… Agar koronavirus pandemiyasining dastlabki uch oyida antibiotiklar berilmaganda, biz ko‘plar odamlarni qutqarishimiz mumkin edi. Qishloq joylarda eng qimmat antibiotiklarni berishgan», — dedi prezident.

Oilaviy shifokorlarning faoliyati aholi salomatligi ko‘rsatkichiga, hududlardagi kasalliklarning o‘sishiga, kasalxonalarga joylashtirilishi va shifoxonalarga murojaatlarga qarab baholanadi.