Davlat statistika qo‘mitasi so‘nggi yillar davomida ilk bor, ya’ni O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida kuzatilgan o‘lim holatlari statistikasini demografik holat to‘g‘risidagi choraklik hisobotiga kiritmadi.

Davlat statistika qo‘mitasining shu kabi hisobotlarida birinchi chorak (yanvar-mart) va birinchi yarim yillikda (yanvar-iyun) kuzatilgan o‘lim holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan. O‘lim holatlari statistikasi undan oldingi hisobotlarda ham mavjud.

Qo‘mitaning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, o‘lim holatlari statistikasini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etmagan. Shu o‘rinda, Adliya vazirligi esa Davlat statistika qo‘mitasida barcha ma’lumotlar mavjudligini aytdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘rovga javob bermadi.

«Gazeta.uz»ning Davlat statistika qo‘mitasidagi manbasi oylik o‘lim holatlari statistikasi har keyingi oyning ilk 15 kuni ichida tuzilishini aytdi. Masalan, sentyabr oyi statistikasi 15 oktyabrgacha, oktyabr uchun esa 15 noyabrgacha tayyor bo‘lishi kerak. «Gazeta.uz»ning avgust va sentyabr oylaridagi o‘lim ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi bir nechta so‘rovlariga javoban qo‘mita mas’ul vazirliklarning hali ham ma’lumot yubormaganliklari haqida xabar qildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanib, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sababli o‘lganlar soni iyul oyida 26,4 foizga, Toshkent shahrida esa 2,6 martaga oshganini hisoblab chiqqandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘limning ko‘payishi sabablari to‘g‘risida tahririyatning so‘roviga hech qanday javob bermadi.