9 oy davomida O‘zbekistonda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka uchragan 168 nafar erkaklar murojaati qabul qilingan. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmat rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.

«Mamlakatimizda og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari ish olib boradi, ularning soni hozirda yurtimizda 197 ta»,− dedi u.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ushbu markazlarga fuqarolardan 14 849 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 5 796 tasiga psixologik, 3 680 tasiga yuridik, 503 tasiga tibbiy va 1 553 tasiga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.

Murojaat qilganlarning 2 577 nafari bilan markaz psixologlari ish olib borgan, tibbiy yordamga muhtoj 497 nafar shaxsga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot muassasalariga yuborilgan. 442 nafar fuqaro markazlardagi yotoqxonalarga joylashtirilgan va ularga zarur yordamlar ko‘rsatilgan.

O‘zaro tahlillar davomida murojaatchilarning 9 870 nafari yoki 67% ga yaqini faqatgina yuridik va psixologik maslahat olish uchun murojaat qilgani va ularning murojaatlarida zo‘ravonlikka uchrash alomatlari yo‘qligi aniqlangan.

Mazkur mazmundagi murojaat egalariga 2000 ta huquqiy yordam, xususan, 1 539 tasiga huquqshunoslar tomonidan maslahatlar berildi. 217 nafar fuqaroga turli mazmundagi huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishda, 189 nafar fuqaroning Himoya orderi olishida yordam berildi. 55 nafariga sud va boshqa idoralarda huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda vakillik qilindi.

Matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu turdagi markazlarga erkaklar va hatto bolalarning murojaat qilishi holatlari kuzatilmoqda. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida jismoniy zo‘ravonlikka uchragan 18 nafar bola va 168 nafar erkaklar murojaati qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda BMT TDning qo‘shma loyixasi doirasida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari uchun statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bo‘ycha elektron jurnal ishlab chiqilgan edi. Bunday ma’lumotlarni yig‘ish O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirilmoqda.