O‘zbekistonda Xitoy vaksinasidan tashqari boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan vaksinalar sinovi ham o‘tkaziladi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov «Xalq so‘zi»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nafaqat Xitoy vaksinasi, balki Rossiyada ishlab chiqarilgan va hozirda ko‘pgina insonlarda sinovdan o‘tayotgan Sputnik-V vaksinasini ham O‘zbekistonga keltirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ibrohim Abdurahmonovning qayd etishicha, Xitoydagi Sinopharm kompaniyasining o‘ldirilgan, kuchsizlantirilgan viruslarga asoslangan vaksinasi ham olib kelinmoqda. Bu ancha oldingi texnologiya bo‘lib, mazkur vaksinaning tayyogarlik darajasi yuqori. Innovatsion rivojlanish vaziri mazkur vaksinani O‘zbekistonga olib kelish bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanayotgani, uning rahbarligidagi vazirlik esa rekombinant oqsil molekulasiga asoslangan vaksinani olib kelayotganini aytib o‘tdi.

«Xalqimizni koronavirus vaksinasi bilan ta’minlash uchun biz bir necha xil vaksina sinovlarini o‘tkazishimiz kerak. Bu — Rossiya vaksinalari ham, Yevropadagi AstraZeneca ham, AQSHdagi Moderna kompaniyasining vaksinalari ham yoki mana Xitoyning vaksinalari ham bo‘lishi mumkin. Bir nechta vaksina sinovini parallel ravishda o‘tkazish — davr taqozosi. Chunki koronavirusning ham har xil tiplari bor. Bir hududda yaratilgan vaksina ikkinchi hudud uchun yetarlicha samarali bo‘lmasligi mumkin. Aholi genetikasiga qarab ham samarasi har xil bo‘lishi mumkin», — deb ta’kidlab o‘tdi innovatsion rivojlanish vaziri.

Avvalroq Xitoyda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi 5 mingga yaqin o‘zbekistonlikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edik. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani uchinchi bosqich klinik sinovlarini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgan.