Jo‘rabek Mirzamahmudov Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Tegishli prezident qarori 3 noyabrda imzolangan.

Prezidentning 3 noyabrdagi boshqa qarori bilan Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari va «O‘zatom» agentligi direktori lavozimlari ajratilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov 2018 yil iyunidan «O‘zatom» agentligini boshqarib kelayotgan edi. 2019 yilning fevral oyida «O‘zatom» rahbari sifatida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. U «O‘zatom» agentligi rahbari lavozimini saqlab qoldi.

2020 yilning yanvar oyidan Mirzamahmudov «O‘zkimyosanoat» kompaniyasining boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi bo‘lib faoliyat olib borayotgan edi. Endi u ushbu lavozimga v.b. qo‘shimchasisiz tasdiqlangan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov (1979 y. t.) 2001 yilda «Umid» jamg‘armasi granti asosida AQSHdagi Alabama universitetini, 2005 yilda esa Toshkent kimyo texnologiyalari institutini tamomladi.

Avval Vazirlar Mahkamasi Yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan. «O‘zkimyosanoat» boshqaruvi raisini o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yil iyunidan «O‘zatom» agentligini boshqarib kelmoqda.