Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida turli viloyatlarda o‘qituvchilarni so‘rovnoma o‘tkazishga va aholini ro‘yxatdan o‘tkazishga jalb qilish to‘g‘risidagi murojaatlarning skrinshotlarini joylashtirdi.

«Yurtimizda pandemiya. Yurtboshimiz tashkilot rahbarlariga deyarli har bir selektor yig‘ilishlarida COVID-19 dan ehtiyot bo‘lishlarini, o‘zini va oila a’zolarini muntazam ehtiyot qilib borishlarini takror va takror ta’kidlab keladilar. Xo‘sh, shunday sharoitda ham Farg‘ona tumanidagi 28-maktab direktori o‘qituvchilar va murabbiylarning majburan mahallalarda yurib, o‘zlariga ta’luqli bo‘lmagan so‘rovnomalarni to‘ldirishga chiqarish to‘g‘rimi?» — deyiladi murojaatlarning birida. Gap «temir», «ayollar» va «yoshlar» daftarlari haqida ketmoqda.

«Men Andijon shahridanman. Hozir kim tarafidan buyurilgan, bilmadimu, lekin xonadonlarga kirib har bir a’zosini ismi, sharifi, pasport seriya raqami, oila a’zolari haqida ma’lumot olib, o‘sha oila muammosini, yashash sharoiti va ish joyini bilish uchun uyma-uy yurish kimning zimmasida? Bundan nima foyda? Yana o‘qituvchilar yuribdi», — deyiladi yana bir shunday murojaatda.

Sherzod Shermatov ba’zi mahalliy amaldorlar shu yo‘l bilan o‘zlarining dolzarb muammolarini hal qilishga urinib, «prezident siyosatiga xiyonat qilayotganini» tushunmayotganlaridan hayratda ekanligini bildirdi.

«Prezidentimiz bu yil birinchi bor „O‘qituvchi va murabbiylar kuni“ bayramida o‘zlari chiqib tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar. Ta’lim-tarbiya tizimini yaxshilash bo‘yicha Farmon loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdilar, keyin yana qo‘shimcha selektor o‘tkazib, har bir hokim endi kamida 30−40 foiz vaqtini maktabga yordam berishga qaratsin deb aytdilar va hurmatli hokimlarimizdan bu masalaga chin dildan yondashishni, kundalik topshiriq sifatida qabul qilmaslikni so‘radilar. Kuni kecha Farmonga imzo qo‘yishdan oldin yana bir bor ta’limni ko‘tarish muhimligini qat’iy ta’kidladilar», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishning bunday holatlariga nafaqat prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab davlat rahbarining imijini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerak va har bir bunday holat bo‘yicha joylardagi mutasaddilarni kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortishgacha olib borish zarur.

«Hurmatli hokimlar va sektor rahbarlaridan xalq ta’limi tizimi xodimlarini faqat ta’lim sifati bo‘yicha ishlashlariga sharoit yaratishda yordam berishingizni so‘raymiz! Yordam berishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, iltimos, juda bo‘lmasa xalaqit qilmang!» — deya ta’kidladi Sherzod Shermatov.

«Bunday qo‘shimcha ishlarga, adashmasam, Mehnat vazirligidagi alohida fonddan mablag‘ olib joylardagi ishsizlarni jalb qilsa bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.