Daniyadagi qorakuzanlarda (norka) mutatsiyaga uchragan koronavirus aniqlandi. Shu sababdan 1139 ta fermer xo‘jaligidagi 15−17 mln jonivor yo‘q qilinadi, dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Mutatsiyaga uchragan SARS-CoV-2 koronavirusini yuqtirish holatlari kuzatilganidan so‘ng, Daniya hukumati mamlakat fermer xo‘jaliklaridagi barcha qorakuzanlarni yo‘q qilishga qaror qildi. Bu haqda 4 noyabr kuni bosh vazir Mette Frederiksen matbuot anjumani paytida ma’lum qildi.

Qorakuzanlarda aniqlangan mutatsiyaga uchragan koronavirus odamlar orasida tarqalmoqda va antitanachalar hosil qilish qobiliyatini pasaytirmoqda, dedi Frederiksen. Bundan tashqari, mutatsiyaga uchragan koronavirus infeksiyaga qarshi emlash uchun biroz muammo tug‘diradi.

Daniya hukumati qorakuzan fermalarida virusning yangi turini yuqtirib olish bo‘yicha 5 ta holat va odamlar orasida 12 ta holat qayd etilganini aytdi.

Daniya norka mo‘ynasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi. Mamlakatda 1139 ta norka fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda, ularning tarkibida jami miqdori 15−17 mln bosh jonivor parvarish qilinmoqda. Daniya ma’muriyatining ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus 200 dan ortiq fermer xo‘jaliklarida qayd etilgan, ulardan 67 tasi allaqachon barcha hayvonlarni yo‘q qilgan.

Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 15 mln qorakuzanni o‘ldirish mamlakatga 5 mlrd krona (785 mln dollar) miqdorida zarar yetkazishi mumkin, deya ta’kidladi Associated Press.

Iyun oyi boshida xuddi shunday qarorni Niderlandiya hukumati ham qabul qilgan edi. Ispaniyada ham yangi shtamm aniqlangach, 100 mingta qorakuzan yo‘q qilingandi. JSST Daniya mutasaddilaridan mutatsiyaga uchragan koronavirusning qorakuzandan odamga yuqishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni so‘ramoqda.