Toshkentda kamerunlik fuqaroni garovda saqlab, unga turli tan jarohatlari yetkazgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda «Toshkent» telekanalidagi dasturda ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sh. R. 2019 yilning 27 may kunida jinoiy to‘dasi bilan birgalikda kamerunlik J. M.ni o‘g‘irlab ketib, to‘rt kun davomida tutqunlikda saqlagan.

Voqeaga kamerunlik Mark va Uilyam ismli fuqarolarning qilgan ishi sabab bo‘lgani aytib o‘tildi. Xabarga ko‘ra, ular 2019 yil boshida O‘zbekistonga firibgarlik yo‘li bilan pul topish uchun kelishgan va o‘zbekistonlik Sh. R. odamlarini aldab, 20 ming AQSH dollarini olib ketishgan. Ushbu vaziyatdan so‘ng Sh. R. va uning jinoiy to‘dasi kamerunlik Mark va Uilyamni O‘zbekistonga chaqirib, mo‘may daromad topishlari mumkinligi haqida aytishadi. Lekin kamerunlik firibgarlar O‘zbekistonga o‘zlari kelmasdan J.M. ismli shaxsni jo‘natadi.

J.M. O‘zbekistonga kelgach, H.F. va Q.A. ismli shaxslar uni shahar aylantirish bahonasida Yashnoboddagi xonadonga boshlab borishgan.

«Hovliga kirganimda bu yerning holatini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Ketmoqchi bo‘lganimda ular meni ichkariga majburlab olib kirishga harakat qilishdi. Shunda ichkaridan T. ismli yigit chiqib kelib, meni sudrab uyga olib kirdi. Og‘zimga latta tiqib, oyoq-qo‘limni bog‘lab, muzlatkich yoniga yotqizib qo‘yishdi. Boshimni, jag‘imni devorga urishdi. Hozir bu joyni oqlab tashlashibdi», — dedi J.M. voqea haqida so‘zlab berayotib.

J.M. to‘rt kun davomida tutqunlikda saqlanib, tan jarohatlari yetkazilgan va bu hol videoga olinib, Mark va Uilyamga yuborilgan.

Xabarda aytilishicha, jinoiy guruhning maqsadi 60 ming AQSH dollar ishlash bo‘lgan. Agar aytilgan summani berishmasa, J.M.ni o‘ldirish bilan tahdid qilingan. To‘rt kun o‘tib Kamerundan so‘ralgan pullarni jo‘natishga rozi ekanligi haqida xabar keladi. Bu xabardan so‘ng jinoiy to‘da a’zolari J.M.ni xonadondan olib chiqib, Yashnobod tumani Jarqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan «Gelikon» mehmonxonasiga olib borishadi.

Bu vaqt davomida Tashqi ishlar vazirligiga Fransiya elchixonasidan J.M.ning o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar kelib tushgan. DXX tomonidan tezkor qidiruv ishlari boshlangan va bu jarayon yakunlanmasdan tutqundagi kamerunlik fuqaro qochib ketishga ulgurgan.

Oqibatda jinoiy guruhga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va ushbu jinoiy ishga aloqador bo‘lgan 15 kishi qo‘lga olingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 245-moddasi 1-qismi (shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh. R. va jinoiy guruhning boshqa a’zolariga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.