Farg‘ona viloyatida «Yevro 4» va «Yevro 5» standartidagi dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish boshlandi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Narmatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Jizzakh Petroleum bosh direktori Shokir Fayzullayev hamda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi direktori Xabib Latipov ushbu jarayonni boshlash uchun ramziy start tugmasini bosishdi.

Investitsiyaviy loyihaning umumiy qiymati 300 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

5 noyabrdan zavodda «Yevro 4» va «Yevro 5» dizel yonilg‘isini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan GDS blokining (dizel yonilg‘isini gidro-sulfatizatsiya qilish texnologik qurilmasi) tantanali ravishda ishga tushirildi.

Ushbu loyiha doirasida 1999 yilda foydalanishga topshirilgan GDS bloki qurilmasining mavjud katalizatorini zamonaviy va yuqori samarador bo‘lgan katalizatorlarga almashtirish maqsadida Fransiyaning Axens kompaniyasi bilan katalizator ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Qurilma «Toyo injiniring korporeyshn» (Yaponiya) tomonidan qurilgan bo‘lib, uning loyihaviy quvvati yiliga 1 700 000 tonnani tashkil etadi.

O‘zgarishlar o‘z navbatida zavodda ishlab chiqarilayotgan Yevro 2 dizel yonilg‘isi sifatini kelgusida Yevro 4 va Yevro 5 standartlari talablari darajasiga oshirib, oltingugurt chiqindilarini kamaytirishga, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga va tolling (qayta ishlash) operatsiyalarining jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

2030 yilgacha hom-ashyo hajmini 2 mln tonnagacha yetkazish, ichki va tashqi bozorga «Yevro 5» standarti andozasidagi 520 ming tonna avtobenzin va 640 ming tonna dizel yoqilg‘isi, qo‘shimcha 200 ming tonna Jet A-1 rusumli aviayonilg‘isini yetkazib berish hamda chuqur qayta ishlashni 82−84 foizdan 92 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Buxoroda «Yevro-4» va «Yevro-5» dizel yonilg‘ilari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, dizel narxi bir necha bor tushirilgan edi.