Xalq deputatlari Denov tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Pardayev Rustam Ubodullayevich Denov tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Rustam Pardayev 1979 yilda Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2006 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi. Mehnat faoliyatini 1999 yil aksiyadorlik tijorat «Savdogarbank» Surxondaryo viloyati bo‘limida hisobchilikdan boshlagan. Shundan so‘ng Toshkent shahridagi «A.NODIR» mas’uliyati cheklangan jamiyatida hisobchi, aksiyadorlik tijorat «Tadbirkorbank» va «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankida turli vazifalarda ishlagan.

2007−2017 yillarda «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki Jarqo‘rg‘on filiali boshqaruvchisi va viloyat filiali boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2017 yildan Surxondaryo viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, Surxondaryo viloyati investitsiyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.

Ayni paytda Rustam Pardayev viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

Tumanning avvalgi hokimi Baxtiyor Ibatov 2018 yilning noyabridan buyon tumanga rahbarlik qilib kelayotgan edi.