Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ashur To‘xtayev o‘g‘lining to‘yida 53 kishi qatnashgani uchun 4 460 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda «Daryo» viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasiga tayanib xabar qildi.

Buxoro viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktam Safoyevning ma’lum qilishicha, Ashur To‘xtayev 25 oktyabr kuni viloyat markazidagi «Ipak yo‘li» restoranida karantin talablariga rioya qilmay, 53 nafar fuqaroni yig‘ib, o‘g‘lining to‘y marosimini o‘tkazgan. To‘yga kelgan mazkur 53 nafar kishining ikkala quda tomon oila a’zolari, xonandalar va to‘y xizmatchilaridan iboratligi aniqlangan.

Ashur To‘xtayevga nisbatan ma’muriy ish materiallari to‘plangan. Hujjatlarga ko‘ra, u «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonunining 39-moddasi (aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik) hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismida (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan. Shu modda bilan BHMning 20 baravari, ya’ni 4 460 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

«Daryo» avvalroq mazkur to‘y haqida xabar bergan, Ashur To‘xtayev bu holatni «o‘zbekchilik» deya izohlagandi.