2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida Davlat byudjeti daromadlari 94,5 trln so‘mni yoki 9,1 mlrd dollarni tashkil etdi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3 trln so‘mga ko‘p). Bu haqda Moliya vazirligi ma’lumot berdi.

Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi soliq va bojxona tushumlari hisobiga shakllanadi, xususan soliqlar ulushi 77 foizni (72,8 trln so‘m), bojxona tushumlari ulushi 17,2 foizni (16,2 trln so‘m) va boshqa tushumlar ulushi 5,8 foizni (5,5 trln so‘mni) tashkil etdi.

Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi quyidagi soliqlar hisobiga shakllandi: QQS — 22,3 trln. so‘m (jami daromadlarning 23,6%), foyda solig‘i — 19,4 trln. so‘m (20,6%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i -11,0 trln. so‘m (11,6%), yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq — 12,0 trln. so‘m (12,7%) va aksiz solig‘i — 8,6 trln. so‘m (9,1%).

Joriy yilning 9 oyida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 11,0 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 trln so‘mga ko‘paydi.

Avvalroq xabar berganimizdek, 4,13 million kishidan iborat jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘laydiganlar soni jami aholining 12 foizini (34,3 million) yoki iqtisodiy faol aholining 28,1 foizini tashkil etadi (iyul holatiga ko‘ra 14,68 million).

Yanvar-sentyabr oylari yakuniga Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ma’muriylashtiriladigan soliqqa oid bo‘lmagan to‘lovlar 4,4 trln so‘mni tashkil etdi, xususan davlat boji 0,8 trln so‘m, jarimalar 0,5 trln so‘mni, yig‘imlar 0,8 trln so‘mni, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha foydaga qolgan mahsulotdagi davlat ulushi 0,3 trln so‘mni, davlat ulushi bo‘yicha dividendlar va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan to‘lovlar 1,5 trln so‘mni, boshqa tushumlar (davlat mulkini ijaraga berish va boshqalar) 0,5 trln so‘mni tashkil etdi.