3 noyabr kunidan boshlab Toshkentdagi 11 ta tuman Davlat xizmatlari markazlarida sinov tariqasida surdo-online planshetlari ishga tushirildi, deya xabar berdi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

Natijada gapirish va eshitish bilan bog‘liq imkoniyati cheklangan shaxslar surdo tarjimonsiz istalgan davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

DXMlarning kirish qismlari, fuqarolarni qabul qilish burchaklarida hamda surdo-online planshetlari joylashgan operatorlarning ish stoliga maxsus belgilar joylashgan. Ushbu belgilar, o‘z navbatida, DXMlarga tashrif buyurgan imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri surdo-online plansheti joylashgan operatorga yo‘naltiradi.

Surdo-online planshetlari internetga ulangan bo‘lib, bevosita onlayn tarzda doimiy ravishda ishlaydi va shu vaqtning o‘zida operatorga tarjima qiladi.

Ushbu tizimni DXMlarda joriy qilish orqali Toshkentda 3 mingdan ortiq eshitishi va gapirishida nuqsoni bor shaxslar bilan to‘laqonli muloqotni ta’minlaydi, deyiladi xabarda.

Kelgusida ushbu tizimni respublikaning barcha hududlarida joylashgan DXM hamda FHDYO organlarida keng joriy qilish nazarda tutilgan.