Qirg‘iziston parlamenti spikeri Kanat Isayev yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida qatnashish maqsadida iste’foga chiqdi, deya xabar berdi TASS.

«Men 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni niyat qilmoqdaman. Shu munosabat bilan parlament spikeri lavozimidan iste’foga chiqmoqchiman», — dedi Kanat Isayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Isayevning o‘zi rahbar hisoblangan «Qirg‘iziston» siyosiy partiyasi a’zolari tomonidan ilgari surilgan.

«Men partiyaning qaroriga rozi bo‘ldim. Mening va partiyaning manfaatlari boshi berk ko‘chaga kirib qolmasligi kerak. Shuning uchun men lavozimni tark etishga qaror qildim», — deya qo‘shimcha qildi Isayev.

Yaqin kunlarda Qirg‘iziston parlamentiga yangi spiker saylanadi. Eng asosiy nomzod — deputat Talant Mamitov.

Qirg‘izistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 2021 yil 10 yanvarga belgilangan. Bugungi kunga qadar bir nechta siyosatchilar o‘zlarini nomzodlarini ilgari surish rejalarini e’lon qilishdi, shu jumladan Isayev va «Butun Qirg‘iziston» partiyasi rahbari Adaxon Madumarov ham.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Bishkekda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan minglab fuqarolar namoyish o‘tkazgandi. Keyinchalik Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishini e’lon qildi.