Davlat test markazi 2−13 sentyabr kunlari hamda qo‘shimcha ravishda 17 sentyabr kuni o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari uchun sarflangan umumiy mablag‘lar haqida ma’lumot berdi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat komissiyasining 19 iyuldagi 1-son bayoni bilan test sinovlariga jalb qilinadigan bino rahbarlari va guruh nazoratchilarining mehnatiga haq to‘lash bir kuniga 250 848 so‘m (daromad solig‘i chiqarib tashlaganda 218 238 so‘m) miqdorida belgilangan. Test sinovlariga guruh nazoratchisi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tizimidan 3 882 nafar pedagog xodimlar jalb etilgan bo‘lib, guruh nazoratchilarining umumiy ish haqi 11 578 830 120 so‘mни tashkil etgan.

Ochiq maydonlar ijarasi uchun Botanika bog‘i, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi va Paxtakor sport majmuasiga 127 592 394 so‘m to‘langan.

Shuningdek, abituriyentlarni tibbiy qo‘lqop, niqob, ichimlik suvi va ruchka, bosh kiyimlar (kepka) bilan ta’minlash uchun tanlov asosida shartnomalar tuzilgan.

Tibbiy niqoblar uchun 1 365 574 500 so‘mlik shartnoma imzolangan:

  • Eng past narx va talab darajadagi sifat SU SHI KUN MCHJ tomonidan taklif etilganligi sababli, shu tashkilot bilan bir dona tibbiy niqob narxi 900 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga), jami 1 517 305 dona tibbiy niqob uchun 1 365 574 500 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Tibbiy qo‘lqop uchun 2 124 227 000 so‘mlik shartnoma imzolangan:

  • UZTEXTILE EXPORT MCHJ bilan bir dona tibbiy qo‘lqop narxi 700 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga), jami 3 034 610 dona tibbiy qo‘lqop uchun 2 124 227 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Ichimlik suvи uchun 1 365 574 500 so‘mlik shartnoma imzolangan:

  • eng past narx va talab darajadagi sifat NAVRUZ INTERNATIONAL KORP MCHJ tomonidan taklif etilganligi sababli, shu tashkilot bilan bir dona ichimlik suvi narxi 900 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga), jami 1 517 305 dona ichimlik suvi uchun 1 365 574 500 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Ruchka uchun 500 710 650 so‘mlik shartnoma imzolangan:

  • eng past narx va talab darajadagi sifat Oziq Ovqat Savdo MCHJ (O‘zbekistonda Alfa brendidagi ruchkalar ishlab chiqaruvchisi) tomonidan taklif etilganligi sababli, shu tashkilot bilan bir dona ruchka narxi 330 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga), jami 1 517 305 dona ruchka uchun 500 710 650 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Bosh kiyim (kepka) uchun jami 1 698 320 550 so‘m sarflangan:

  • eng past narx va talab darajadagi sifat BOBURXON BN NODIRXON OK tomonidan taklif etilganligi sababli, shu tashkilot bilan bir dona kepka narxi 6 174 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga), jami 1 000 000 dona kepka uchun 6 174 000 000 so‘m, 15% QQS bilan birga 7 100 100 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo‘shimcha kelishuv imzolangan va 6 174 so‘mdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 so‘mga, 15% qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 493 499 550 so‘mga yetkazib bergan.

Mazkur korxona bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun mahalliy hokimiyatlar tomonidan taklif etilgan korxonalar bilan ularda mavjud sondagi bosh kiyimlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan:

  • SULTON CAP MCHJ bilan bir dona kepka narxi 10 000 so‘mdan, jami 15 000 dona kepka uchun 150 000 000 so‘m, 15% QQS bilan birga 172 500 000 so‘mlik;
  • ULUGBEK BARACA TEXTILE MCHJ bilan bir dona kepka narxi 9 200 so‘mdan, jami 20 000 dona kepka uchun 184 000 000 so‘mlik;
  • ELEGANT ZIYO BIZNES TEKSTIL MCHJ bilan bir dona kepka narxi 9 200 so‘mdan, jami 10 000 dona kepka uchun 92 000 000 so‘mlik;
  • BAOYU TEKSTIL TRIKOTAJ SERVIS MCHJ bilan bir dona kepka narxi 8 350 so‘mdan, jami 75 260 dona kepka uchun 628 421 000 so‘mlik;
  • Yengialsanoatsavdo MCHJ bilan bir dona kepka narxi 15 000 so‘mdan, jami 5 000 dona kepka uchun 75 000 000 so‘mlik;
  • 2020 MEGA SERVIS SAVDO MCHJ bilan bir dona kepka narxi 11 500 so‘mdan, jami 4 000 dona kepka uchun 46 000 000 so‘m, 15% QQS bilan birga 52 900 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Kepka bo‘yicha jami imzolangan shartnomalarning umumiy miqdori 1 698 320 550 so‘mni tashkil etgan (198 766 dona kepka uchun).

Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Bunda har bir hududda bir nechta korxonalar taklifi o‘rganilib, ichki tanlov asosida ular ichidan eng past narx va talab darajada sifat taklif etgan korxonalar tanlab olingan.

Tushlik bo‘yicha eng katta shartnoma Toshkent shahrida tuzilgan bo‘lib, 13 kunga 12 610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka) ning har biriga 31 000 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga) jami 390 910 000 so‘mga imzolangan.

Undan keyingi eng katta shartnoma Samarqand viloyatida imzolangan bo‘lib, bunda 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 so‘mdan jami 136 675 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

Shuningdek, xabar berilishicha, tushlik bo‘yicha tuzilgan shartnomalarning umumiy miqdori 1 459 587 423 so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 mln dona bosh kiyim yetkazib berilishi uchun 7 mlrd 100 mln 100 ming so‘mga shartnoma tuzilgani, biroq keyinchalik korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, boshqa korxonalar bilan ham shartnomalar imzolangani haqida xabar bergan edik.