Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 dekabrdagi qarori (PQ-4541) ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) faoliyati takomillashtirilmoqda. Bugungi kunga kelib, agentlikning sayti qayta ishlab chiqildi, yangi logotip tasdiqlandi, fotobank ishga tushirildi, mobil ilovalar tayyorlanmoqda, deb xabar berdi O‘zA.

O‘zA veb-saytining yangilangan talqinida foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida sayt dizayni matnlarni oson o‘qish uchun moslashtirildi. Shuningdek, foto, video va audio xabarlarni tarqatishda yangi imkoniyatlar yaratildi. Texnologik jihatdan saytning tezkor ishlashiga ham e’tibor qaratildi.

O‘zAning yangi logotipida minimalizm uslubidan foydalanilgan, rasmiylik va soddalikning o‘zaro uyg‘unligi ta’minlangan. Ranglarni tanlashda axborot uzatishning turli shakllari (matn, video, foto, audio) hamda manbalari (sayt, mobil ilova, ijtimoiy tarmoqlar) inobatga olingan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zAning yangi saytida maxsus fotobank sahifasi ishga tushdi.

Hozircha tizimga asosan yaqin kunlarda tayyorlangan fotoreportajlar yuklab borilmoqda. Kelgusida O‘zA arxividagi barcha suratlarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, fotobank orqali suratlarni onlayn sotish yo‘lga qo‘yiladi. PayMe, Click kabi mahalliy elektron to‘lov tizimlari hamda Visa, MasterCard kabi xalqaro kartalaridan foydalangan holda fotosuratlarning katta hajmdagi original faylini yuklab olish imkoni yaratiladi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar fotosuratchilarga qo‘shimcha gonorar ajratish, shuningdek ularning fototexnikalarini yangilash uchun sarflanadi.

Hozirda tizim yangi ishga tushgani munosabati bilan 1 oy davomida barcha suratlarni bepul yuklab olish mumkin.


O‘zAning yangi saytida hududiy xabarlarni yoritishga alohida urg‘u qaratilgan. Shu sababli respublikadagi barcha 14 ta ma’muriy-hududiy birlik uchun alohida sahifa yaratildi. Mushtariylar ushbu sahifalar orqali o‘z hududlarida sodir bo‘layotgan eng so‘nggi yangiliklardan boxabar bo‘lib borishlari mumkin.

Hozirda O‘zA saytining mobil qurilmalarga mo‘ljallangan talqini ishlab turibdi. Tez kunlarda Android hamda iOS operatsion tizimlari uchun maxsus mobil ilovalarni ham ishga tushirish rejalashtirilgan.