2 noyabr kuni bir nechta odamlardan iborat bo‘lgan guruh Vena shahrining markazida hujum sodir etdi deb xabar bermoqda RIA Novosti. Terakt natijasida 4 kishi vafot etgan. Hozirga qadar 18 kishi jiddiy jarohatlar olganligi ma’lum bo‘ldi.

Hujumchilarning maqsadi, ularning aniq soni va shaxslari haligacha noma’lum. Hujumchilarni qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv ishlari davom etayotganligi sababli, huquqni muhofaza kiluvchi organlar tomonidan voqea tafsilotlari ommaga e’lon qilinmayotgani qayd etilmoqda.

Vena aholisidan tashqariga chiqmaslik va uylarida qolish so‘ralmoqda. Avstriya kansleri Sebastyan Kurs uydan chiqishdan avval fuqarolardan so‘nggi yangiliklarni kuzatishlarini so‘radi.

«Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ular juda yaxshi qurollangan, avtomatik qurolga ega, professional tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu shubhasiz terakt», — dedi Kurs ORF kanalining jonli efirida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum uyushtirganlardan biri o‘ldirilgan. O‘ldirilgan shaxsda o‘qotar qurol topilgan, uning o‘z joniga qasd qilish kamari, ehtimol, shunchaki yasama vosita sifatida bo‘lganligi aytilmoqda.

Seshanba kuni Avstriya milliy kengashining majlisi, parlament yig‘ilishi bekor qilindi. Maktablarda darslar to‘xtatildi. Hujumchilarning shaxsini aniqlash bo‘yicha qidiruv-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Hujumlar Saytenshtettengass ko‘chasidagi sinagogaga yaqinida boshlangan edi. Politsiya va IIVning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar umumiy hisobda oltita joyda sodir etilgan.