Xitoyda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi 5 mingga yaqin o‘zbekistonliklarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Feruza Xo‘jayevaning «Kun.uz»ga ma’lum qildi.

Feruza Xo‘jayevaning ta’kidlashicha, Xitoy Mikrobiologiya institutida ishlab chiqilgan vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuv imzolangan. Ushbu bitimga asosan, Xitoy vaksinasi klinik sinovlarining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda 5000 ga yaqin ko‘ngillilarda o‘tkaziladi.

Ushbu maqsadda, mazkur vaksinani yaratish va ishlab chiqishda ishtirok etgan bir guruh xitoylik olimlar 6 noyabr kuni O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

«Albatta, bu juda murakkab jarayon. Vaksinani qo‘llash uchun uni bir necha bosqichda sinovdan o‘tkazish kerak. Buning ikki bosqichi Xitoyda o‘tkazilgan. Uchinchisi esa bir qator davlatlar bilan bir qatorda bizning mamlakatda ham o‘tkaziladi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston vaksinani imtiyozli narxlarda sotib olish huquqiga ega bo‘ladi hamda vaksina Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga O‘zbekiston orqali tarqatilishi nazarda tutilgan», — deydi Feruza Xo‘jayeva.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Odilova vaksina sinovlarida qatnashgan ko‘ngillilarga haq to‘lanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani uchinchi bosqich klinik sinovlarini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.

Koronavirusga qarshi qurashda prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosariga tez orada vaksina ishlab chiqarishni boshlashi kutilayotgan Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Rossiya farmatsevtika kompaniyalaridan vaksinani xarid qilish va mamlakat aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.