Davlat bojxona qo‘mitasi «Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar» to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Nizomga muvofiq, xorijiy transport vositasini vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati yaratilmoqda.

Xorijiy avtotransport vositasi egasi belgilangan muddat tugashidan avval tegishli bojxona postiga muddatni uzaytirishni so‘rab yoki elektron tarzda murojaat etishi lozim. Haydovchi onlayn murojaat qilganida nizomning 16-bandida nazarda tutilgan yig‘imни to‘lagani haqidagi hujjat nusxasini ilova qilishi talab etiladi. Bojxona posti yig‘im to‘langan vaqtga qadar avtomobil O‘zbekistonda bo‘lish muddatini uzaytiradi va «Avto» tizimiga kiritadi.

Xorijiy avtotransport vositasi egasi vaqtincha olib kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha murojaat qilmasa, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Shuningdek, chiqib ketish muddati o‘tib ketgan har bir kun uchun belgilangan tarzda to‘lov undiriladi.

Nizom bilan, shuningdek, xorijiy avtomobillarni vaqtincha olib kirish muddati tugagach, haydovchi murojaatiga muvofiq, faqat avtoturargoh bilan bog‘liq harajatlar to‘lanishi belgilanmoqda. Buning uchun transport vositasi egasi bojxona organiga mashinani vaqtincha saqlash uchun yozma yoki elektron tarzda murojaat qilishi talab etiladi. Bunga qadar, O‘zbekistonda bo‘lish muddati bir yildan oshdan transport vositalari chiqib ketish muddati o‘tgan har bir kun uchun dvigatel hajmining har kub. smdan — 0,01 AQSH dollari miqdorida yig‘im undirilar edi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2021 yilning 26 yanvaridan e’tiboran kuchga kiradi.