2 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi vakillarini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston hukumat portali xabar bermoqda.

Foto: Hukumat matbuot xizmati

Ushbu uchrashuvda savdo-iqtisodiy, tibbiyot, ta’lim, transport va logistika sohalari bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov tashrif tafsilotlarini o‘zining Facebook sahifasida aytib o‘tdi.

«Biz uchun O‘zbekiston mintaqadagi asosiy savdo sherigi. Bu yil o‘zaro tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgandik, ammo pandemiya tufayli buni amalga oshirish qiyin bo‘lyapti. 9 oy davomida o‘zaro savdo hajmi 16,5 foizga kamaydi. Bizning eksportimiz bir foizdan sal ko‘proq miqdorga kamaydi, O‘zbekistondan import hajmi esa 40 foizga kamaydi», — deya ta’kidladi Baxit Sultonov.

U o‘z hamkasblariga Qozog‘iston o‘zbek bozoriga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan yana 64 ta tovarni taklif qildi. Bular turli xil quvurlar, prokat metall buyumlar, avtomobillar, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari, mashinasozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati mahsulotlaridir.

«O‘tgan yili Toshkentda ochilgan KazakhExport vakolatxonasi reklama aksiyasida yordam beradi, deb umid qilaman. Kompaniya mahalliy banklardan Qozog‘iston tovarlarini sotib olish uchun eksport savdosini moliyalashtirishni jalb qilishi mumkin, bu esa kredit xavfi uchun sug‘urta qoplamasini taqdim etadi. Bugun biz KazakhExport va „Qishloqurilishbank“ o‘rtasida savdo operatsiyalarini 3 million dollarga moliyalashtirishni nazarda tutadigan Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladik», — deydi u.

Foto: Hukumat matbuot xizmati

Baxit Sultanovning gaplariga ko‘ra, Qozig‘iston ikki davlat ortasida nafaqat savdo qilishni, balki tashqi bozorga chiqishda ham hamkorlik qilish istagini bildiryapti. «Buning uchun ikkala davlat ham Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (XSIHM) tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar. Biz «XSIHM»ni nafaqat transchegaraviy ulgurji va chakana savdo ob’ektlarining qo‘shni infratuzilma bilan jihozlangan konsentratsiyasi, balki Yevroosiyo tovarlarni tarqatish tizimining muhim savdo-logistika markazi sifatida ham ko‘ryapmiz. Bizning Ulgurji tarqatish markazlari (UTM) va O‘zbekiston Agro-logistik markazlari (ALM) ham ushbu katta tizimning tarkibiy qismlariga aylanishga chaqiriladi», — deyiladi bayonotda.

Vazirning ta’kidlashicha, muzokaralarda muhokama qilingan muhim masala, bu to‘siqlarni olib tashlash edi. «Biz hamkasblarimiz bilan Toshkentning 2009 yil 20 noyabrdagi MDH hududida tovarlarning kelib chiqqan mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilishi, O‘zbekistonning aksiz siyosatini liberallashtirish jarayoni va Qozog‘iston brendlaridan foydalangan holda kontrafakt un mahsulotlarining O‘zbekiston bozorida tez-tez uchrab turishi to‘g‘risida suhbatlashdik», — dedi Baxit Sultanov.

Avvalroq xabar berganimizdek, bu yilning yanvar-avgust oylari yakuniga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmida Qozog‘iston ulushi 7,2 foizni (TSA bo‘yicha uchinchi o‘rin) tashkil etdi.