Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qaytarildi. Bu haqda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Qonun loyihasida bir qator ma’muriy huquqbuzarliklar, shu jumladan, yovvoyi nashalarni yo‘q qilib yuborish choralarini ko‘rmaganlik, it va mushuk boqish qoidalarini buzish, hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi taklif etilgan edi.


Biroq deputatlar bu inson huquqlarini ta’minlashda odil sudlovni amalga oshirishga to‘g‘ri kelmasligi, korrupsiyaga olib kelishi, huquqni qo‘llashda va muhofaza qilishda sub’ektivlik paydo bo‘lishi, profilaktika inspektorlariga norasmiy rejalar qo‘yilishiga hamda fuqarolarda noroziliklar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ta’kidlab o‘tishdi.

Ovoz berish natijasiga ko‘ra, deputatlarning asosiy qismi qonun loyihasiga qarshi chiqdilar va loyihani qabul qilish rad etildi, — deb yozdi Rasul Kusherbayev.