Qozog‘iston koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan mamlakat chegarasini kesib o‘tish tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri rasmiy saytida xabar qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2 noyabr holatiga mamlakatda koronavirusga chalinish bo‘yicha keskin o‘sish kuzatilgan. 5 — 18 oktyabr kunlari 1272 ta, 19 oktyabr — 1 noyabr kunlari esa 3352 ta kasallanish qayd etilgan. Bir kecha kunduzda 442 kishi virusga chalingan. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mavjud joylarning 22 foizi, reanimatson koykalarning esa 18 foizi bemorlar bilan to‘lib bo‘lgan.

Yig‘ilish yakunida qabul qilingan Komissiya qaroriga muvofiq quyidagilar Qozog‘iston chegarasini 90 kun ichida [avval 30 kun edi] bir martadan ortiq kesib o‘tishi mumkin emas:

  • Qozog‘istonda doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan chet elliklar va ularning oila a’zolari;
  • Qozog‘iston fuqarolarining oila a’zolari hisoblangan chet elliklar.

Bundan tashqari, qaror bilan Qozog‘iston 57 ta davlat bilan o‘rnatgan vizasiz rejimni 2021 yilning 1 may sanasiga qadar bekor qilmoqda.

Shu bilan birga, Xitoy va Hindistondan Qozog‘iston orqali boshqa davlatga boruvchilar 72 soat mamlakatda vizasiz bo‘lish rejimi 2021 yil 1 yanvargacha bekor qilindi.

Joriy yilning 9 noyabridan e’tiboran esa Turkiya bilan havo transporti orqali yo‘lovchi tashish haftasiga 33 tadan 20 tagacha kamaytiriladi.