AQSH Savdo vakolatxonasi (USTR) O‘zbekistonda ishchilar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP) mezonlariga amal qilinishi bo‘yicha tekshiruvlarni yakunladi. Dastur doirasida mamlakatning savdo imtiyozlari o‘zgarishsiz qoldi, deyiladi USTR axborotida. Tinglovlar 2008 yildan — Xalqaro ishchilar huquqlari forumi (ILRF) mamlakatning GSP dagi maqomini ko‘rib chiqish uchun murojaat yuborganidan buyon davom etayotgan edi.

AQSHning Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP — Generalized System of Preferences) 1974 yilda paydo bo‘lgan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish uchun bir qator tovarlarga savdo imtiyozlarini taklif etadi. Dastur 119 davlat va benefitsiar hududlardan 3,5 ming xil tovarlarni AQSHga bojsiz olib kirish huquqini beradi. Ushbu imtiyozlardan foydalanish uchun benefitsiar mamlakatlar 15 ta tanlov mezonlariga javob berishi kerak, ular orasida xalqaro miqyosda tan olingan ishchilar huquqlarini muhofaza qilish, intellektual mulk huquqlarining samarali amalga oshirilishi va o‘z bozorlariga teng va adolatli kira olish imkoniyatini yaratish kabi mezonlar ham bor. O‘zbekistonga GSP benefitsiari maqomi 1994 yil avgust oyida berilgan.

«Xalqaro Mehnat Tashkilotining monitoring dasturi tomonidan paxta terimida bolalar mehnatidan tizimli foydalanilishi aniqlanmadi va ketma-ket beshinchi yil davomida kattalar mehnatidan majburiy foydalanishning pasayishi kuzatilmoqda. Hukumat katta yoshdagilarni majburiy mehnatga jalb etish bo‘yicha jinoiy javobgarlikni joriy qildi va paxta yetishtirish uchun kvotalarni olib tashladi. Shuningdek, hukumat paxta terimchilarining ish haqini sezilarli darajada oshirdi va shu bilan ko‘ngillilar sonini sezilarli darajada oshirdi», — deya izoh berdi USTR.

Hisobotda aytilishicha, AQSH «O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatga barham berish yo‘lida yangi yutuqlarga erishish» uchun O‘zbekiston bilan ishlashni davom ettiradi.

Bir yil oldin AQSH Savdo vakolatxonasi GSP ga rioya qilish doirasida O‘zbekistondagi intellektual mulkni muhofaza qilish bo‘yicha tinglovlarni tugatgan edi.