JSST vakili Melita Vuynovichning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bir necha oy ichida COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat juda qiyin bo‘ladi. Bir kun oldin JSST rahbari Tedros Gebreisus ham vaziyatning og‘ir ekanligi haqida e’lon qilgan edi.

Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Buyuk Britaniyada COVID-19 bilan kasallanganlar soni million nafardan oshdi va bu borada dunyodagi to‘qqizinchi mamlakatga aylandi. Buyuk Britaniyadagidan ham yomonroq natija Yevropada faqat Fransiya (1,46 mln) va Ispaniyada (1,24 mln) kuzatilmoqda.

O‘tgan hafta davomida Chexiya har 100 ming aholi hisobiga COVID-19 qurbonlarining to‘g‘ri kelish soniga ko‘ra dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Chexiyada bu ko‘rsatkich 11.02 ga yetdi. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha 100 ming kishiga ushbu infeksiyadan 7,88 ta o‘lim holati to‘g‘ri kelayotgan Andorrani ortda qoldirdi. Keyingi o‘rinlarni Yevropa mamlakatlari orasida Belgiya (6.81), Armaniston (6.19) egalladi va Chernogoriya (6.11) egallab turibdi.

Jons Xopkins universitetining hozirgi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 47 mln dan ortiq odam COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan, ulardan 1,2 mln nafari vafot etgan.

«Harakat uchun juda muhim davr keldi. Barcha odamlarning umumiy maqsad yo‘lida birlashishlari uchun juda muhim lahza. Kech bo‘lmasdan fursatdan foydalanishimiz kerak», — dedi JSST rahbari Tedros Gebreisus.

Virusning yangi shtammi

Shveysariya va Ispaniya olimlari COVID-19 ning yangi shtammini aniqlashdi. Koronavirusning yangi turi 20A.EU deb nomlandi. U Ispaniyaning shimoli-sharqida yozda paydo bo‘lgan va tadqiqotga ko‘ra birinchi marta qishloq xo‘jaligi ishchilarida aniqlangan. Buni aniqlash uchun Bazel universiteti olimlari butun Yevropadan kelgan koronavirus bemorlarining virusli genomlari ketma-ketligini tahlil qilib, taqqoslashdi.

Tadqiqotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, yangi koronavirus 20A.EU1 Buyuk Britaniyada tarqalgan koronavirus infeksiyasining 90%, Irlandiyada 60%, Shveysariya va Gollandiyada esa 30−40% ni tashkil qiladi. Ta’kidlanishicha, virusning ushbu varianti Yevropada eng keng tarqalgan variantlardan biridir. Shuningdek, u Belgiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Latviya, Norvegiya va Shvetsiyada ham topilgan.

Karantin choralari

Karantin choralarini qayta joriy qilgan birinchi Yevropa mamlakati Irlandiya bo‘ldi. Keyinchalik esa xuddi shunday qarorni Fransiya (30 oktyabrdan) va Germaniya (2 noyabrdan) qabul qildi.

Portugaliya esa qisman karantin joriy qilishga qaror qildi. Unga ko‘ra, fuqarolar do‘konlarga, ish joylariga borishlari va shifokorlar huzuriga tashrif buyurishlari mumkin. Shuningdek, restoranlar ham karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Avstriya hukumati esa 3 noyabrdan mamlakatda yangi umumxalq karantinini e’lon qildi. Buyuk Britaniyada ham 5 noyabrdan boshlab restoranlar, pablar, nooziq-ovqat do‘konlari vaqtinchalik yopiladi va uydan chiqish cheklab qo‘yiladi. Bu cheklovlar kamida 2 dekabrgacha saqlab qolinadi.

Norozilik namoyishlari

31 oktyabr kuni Germaniyaning bir qator shaharlarida karantin cheklovlariga qarshi namoyishlar va tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Drezden, Karlsrue, Darmshtadt kabi shaharlarda namoyishlardan so‘ng yuzlab odamlar himoya niqobisiz ko‘chaga chiqib, o‘z noroziliklarini ko‘rsatishdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel bunga javoban «agar noyabrda barchamiz o‘zimizni oqilona tutsak, Rojdestvo bayramiga qadar biz ko‘prog‘iga erishishimiz mumkin», deya va’da berdi 2 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Karantin choralariga qarshi harakatlar Ispaniyada ham bo‘lib o‘tdi. Mamlakat shaharlarida radikal yoshlar qattiq karantin choralari va davlatning ishsizlarga yordam bermayotgani sababli norozilik bildirishdi. 31 oktyabr kuni Barselona shahrida yuzlab yoshlar ko‘chalarni to‘sib qo‘yishdi, chiqindi konteynerlari va mashinalarini, shuningdek, politsiya mikroavtobuslarini yoqib yuborishdi, do‘konlar derazalarini sindirishdi, politsiyaga tosh va butilkalarni uloqtirishdi. Namoyishchilar va politsiyachilar to‘qnashuvi oqibatida 30 dan ortiq kishi, shu jumladan 20 nafar politsiyachi jarohat oldi. O‘nlab namoyishchilar qo‘lga olindi. Ular asosan mamlakat hukumat va hududiy ma’muriyat iste’fosini talab qilayotgan edi.

MDHda

Россияда bir kun ichida 18 648 ta yangi COVID-19 yuqtirish holatlari qayd etildi, ushbu infeksiyadan 355 kishi vafot etdi. Sog‘aygan bemorlarning soni esa rekord ko‘rsatkich — 15 331 kishiga yetdi.

Shuningdek, Uкраинада bemorlar uchun bo‘sh joylar deyarli qolayotgani va vaziyatning og‘ir ekanligi haqida aytilmoqda. 3 noyabr kuni Ukrainada 8899 ta yangi kasallik yuqtirish holatlari qayd etildi (shundan 346 nafari bolalar, 401 nafari sog‘liqni saqlash xodimlari). Hammasi bo‘lib kuniga 1207 kishi kasalxonaga yotqizilgan, 157 bemor vafot etgan, 5100 kishi esa sog‘aygan. Epidemiya boshlanganidan beri mamlakatda 400 mingdan ortiq kishi COVID-19 infeksiyasi yuqtirgan

Qozog‘istonda koronavirusga chalinish bo‘yicha keskin o‘sish kuzatilganligi sabab mamlakat chegarasini 90 kun ichida bir martadan ortiq kesib o‘tish taqiqlab qo‘yildi va 57 mamlakat uchun vizasiz rejim vaqtinchalik to‘xtatildi. Qozog‘istonda 19 oktyabr — 1 noyabr kunlari oralig‘ida 3352 ta kasallanish holati qayd etilgan.