Seshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu jarayon ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortadi.

Illionoys universiteti siyosiy fanlar doktoranti Ikromjon To‘xtasunov “Gazeta.uz"ga AQSHda prezident saylovlari qanday kechishi, saylovlarda kim ovoz bera olishi, saylovchilar kollegiyasi nimaligi va prezidentlikni qo‘lga kiritish uchun qancha ovoz to‘plash kerak ekanligi haqida so‘zlab berdi.

Saylovning umumiy qoidalari

AQSHda prezidentlik saylovlari 4 yilda bir marta o‘tkaziladi. Saylov kuni noyabrning birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanbasida bo‘lib o‘tadi. Bu yil ushbu sana 3 noyabrga to‘g‘ri kelmoqda.

Saylov to‘g‘risidagi eng asosiy qonun-qoidalar AQSH Konstitutsiyasi bilan belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra prezidentlikka nomzodlar AQSHda tug‘ilgan bo‘lishi, 35 yoshdan katta va 14 yil mobaynida AQSH hududida istiqomat qilgan bo‘lishlari kerak.

Prezidentlik muddati 4 yil. 1947 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan, nomzod prezidentlikka faqat 2 marotaba saylanishi mumkin. Konstitutsiya qabul qilinayotgan paytda esa bunday cheklov bo‘lmagan va faqat Franklin Ruzveltgina 2 martadan ortiq, ya’ni 4 marta prezidentlikka saylangan (1933 yildan 1945 yilgacha).

Qanday qilib prezidentlikka nomzod bo‘lish mumkin?

Odatda saylovdan bir yil oldin prezident bo‘lishni xohlovchilar ommaga prezidentlik uchun kurashmoqchi ekanliklarini e’lon qilib, saylovoldi kampaniyalariga start berishadi. Tabiiyki, prezident bo‘lishni xohlaydiganlar juda ko‘p. Saylov byulleteniga qo‘shilish esa hammaga ham nasib etmaydi.

Buning uchun ular bir necha bosqichdan o‘tishlari zarur. AQSHdagi ikki yirik partiya — Respublikachilar va Demokratlar partiyasidan nomzodlarini qo‘ymoqchi bo‘lganlar kokuz (caucuses) va praymeriz (primaries) jarayonlaridan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Kokuz va praymerizlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad — partiya nomzodlarini tanlashda partiya yetakchilaridan ko‘ra, saylovchilar qatnashuvini oshirishdir.

Bu yil Demokratlar partiyasining juda ko‘p nomzodlari orasidan Jo Bayden ushbu bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, partiya nomzodi bo‘ldi. Respublikachilar partiyasida ham xuddi shunday bosqchilar bo‘lib o‘tdi, lekin Donald Tramp amaldagi prezident bo‘lgani bois, qiyinchiliklarsiz partiya nomzodligini qo‘lga kiritdi.

Saylov kampaniyalari qanday moliyalashtiriladi?

Saylov kampaniyalari o‘zining ishchi shtabiga ega bo‘lib, turli xil tadbirlar uyushtiradi va nomzodlarni ommaga tanitish bilan shug‘ullanadi. Bularning barchasi katta mablag‘ talab etadi. Ushbu kampaniyalarni davlat tomonidan moliyalashtirilishiga erishish mumkin, lekin bu jarayon turli cheklovlarga ega. Shuning uchun ham, prezidentlikka nomzodlar saylov kampaniyalarini asosan xususiy mablag‘lar orqali moliyalashtirishni afzal ko‘rishadi.

Saylov kampaniyalarini moliyalashtirishda qonun turli cheklovlar qo‘yadi. Masalan, bir saylovchi (faqat AQSH fuqarosi) bir nomzodning saylov kampaniyasiga saylov oldidan 2800 AQSH dollarigacha moliyaviy hissa qo‘shishi mumkin. Guruh bo‘lib saylov kampaniyasiga pul ajratish va boshqa moliyaviy hissa qo‘shish turlari bo‘yicha cheklovlar ham mavjud.

Ma’lumot uchun, Bayden va Tramp saylov kampaniyalari 2020 yilgi saylov uchun 1,5 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ to‘plashdi.

Kim ovoz berish huquqiga ega?

Deyarli barcha shtatlarda 18 ga kirgan har bir AQSH fuqarosi saylash huquqiga ega, lekin ba’zi shtatlarda jinoyat sodir etgan ayrim shaxslar bunday huquqga ega emas. Bundan tashqari, ko‘p shtatlar saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tishni talab qiladi va bu jarayon shtatlar bo‘ylab farqlanadi.

Hozirda pandemiya sababli saylovchilarning bir qismi pochta orqali ovoz berishadi va bu jarayonning ham shtatlarda turli xil tartiblari mavjud.

Saylovchilarning aksariyati saylov uchastkalariga borib ovoz berishadi. Qaysi nomzod AQSH prezidenti etib saylanishini esa saylovchilar kollegiyasi hal qiladi.

Saylovchilar kollegiyasi nima?

Saylovchilar kollegiyasi har bir shtatning Kongressdagi senatorlari va vakillari soni yig‘indisiga teng bo‘lib, ularning umumiy soni 538 kishini tashkil etadi.

Har bir shtat uchun Konressda 2 ta senator va aholisi soniga qarab kamida bittadan vakil mavjud. Kongressda 50 ta shtatdan 100 ta senator va 435 ta vakillar bor, jami 535 kishi. AQSH poytaxti Vashington shahri hech qaysi shtat tarkibiga kirmaydi va shu sababdan senator va vakillari yo‘q. Lekin shunga qaramay saylovchilar kollegiyasida Vashington uchun 3 ta joy ajratilgan.

Illyustratsiya: Eldos Fazilbekov / “Gazeta.uz”.

Ommaviy ovoz berish natijasi saylovchilar kollegiyasining vakillarini va ular qanday ovoz berishini aniqlaydi. Ba’zi shtatlarda shunday qonunlar borki, agar saylovchilar kollegiyasi a’zosi shtat fuqarolari qo‘llab-quvvatlagan nomzodga ovoz bermasa, qonuniy javobgarlikka tortiladi.

Saylovda kim g‘alaba qozonadi?

Deyarli barcha shtatlarda “g‘olib barcha ovozlarni qo‘lga kiritadi” tamoyili amal qiladi. Ya’ni, bitta shtatda eng ko‘p ommaviy saylovchilar ovozini to‘plagan nomzod o‘sha shtatdagi saylovni yutgan hisoblanadi hamda u yerdagi barcha saylovchilar kollegiyasi vakillarining ovozini qo‘lga kiritadi.

Masalan, bir nomzod Kaliforniya shtatida ommaviy saylovchilarning eng ko‘p ovozini olsa, shtatdagi saylovchilar kollegiyasi vakillarining barcha 55 ta ovozini qo‘lga kiritgan hisoblanadi.

Jami 538 ta saylovchilar kollegiyasi vakillarining eng ko‘p ovozini, ya’ni kamida 270 ta ovozni qo‘lga kiritgan nomzod AQSH prezidentligiga saylangan hisoblanadi.

Hatto nomzod to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov orqali ko‘pchilik saylovchilar ovozini qo‘lga kiritgan bo‘lsada, saylovchilar kollegiyasi ovozlari bo‘yicha yetarli ovozga ega bo‘lmasa, u saylovda yutqazadi. Bu tarixda bir necha marta bo‘lgan va eng oxirgisi 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klinton Donald Trampdan 3 million ko‘proq ommaviy saylovchilar ovozini to‘plab, lekin saylovchilar kollegiyasi ovozlari bo‘yicha yutqazganida bo‘lgandi. O‘shanda Donald Tramp saylovchilar kollegiyasining taxminan 57% ovozini qo‘lga kiritib, prezident etib saylangan.

Agar hech qaysi nomzod saylovchilar kollegiyasining 270 ta ovozini ololmasa, prezidentni tayinlash Kongressning Vakillar palatasi zimmasiga o‘tadi. Har bir shtat bittadan ovozga ega bo‘ladi va 26 ta ovoz to‘plagan nomzod Prezident etib tayinlanadi. Vitse-prezident esa Kongressning Senatorlari tomonidan tanlanadi.

Shtatlar odatda qaysi partiyaga ovoz beradi?

Bir shtatda qaysi partiya g‘olib bo‘lishiga qarab ular ko‘k shtatlar (saylovchilari asosan demokratik nomzodga ovoz beradigan), qizil shtatlar (saylovchilari asosan respublikachilar nomzodiga ovoz beradigan) va har saylovda turlicha ovoz beradigan shtatlarga bo‘linadi.

Masalan, Kaliforniya asosan Demokratik partiya nomzodiga ovoz beradi. Alabama prezidentlik saylovlarida asosan Respublikachilar partiyasi nomzodiga ovoz beradi. Shu sababdan, nomzodlar asosan ovozlarini turli partiyalarga beradigan shtatlarga e’tibor qaratadi. Ularni “swing states” deb atashadi. 2020 yilgi saylovlarda Florida, Viskonsin, Pensilvaniya, Arizona va Michigan aynan shunday shtatlar bo‘lishi kutilmoqda.

Saylov natijalari qachon e’lon qilinadi?

Odatda saylovdan keyingi kun kim g‘alab qozonganligi ma’lum bo‘ladi. Lekin bu yil pandemiya tufayli pochta orqali yuborilgan byulletenlarning yetib kelishi uchun vaqt kerakligi sababli, saylov natijalarini ko‘proq kutishga to‘g‘ri kelishi ehtimoli bor.

Oxirgi marotaba 2000 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodlar Oliy Sudning qarorini bir oy davomida kutishga majbur bo‘lishgan. O‘shanda Florida shtatidagi saylovchilar kollegiyasining ovozlari taqsimoti bo‘yicha bahsli vaziyat yuzaga kelgan edi.

Yangi prezident o‘z vakolatlariga qachon kirishadi?

Agar AQSHda yangi prezident saylansa, qonunga ko‘ra yangi rahbarga o‘z vazirlarini tayinlash va rejalarni tuzish uchun vaqt ajratiladi.

Yangi prezidentning inauguratsiya marosimi 20 yanvar kuni Vashingtondagi Kapitoliy binosi oldida bo‘lib o‘tadi.


Donald Trampning 2017 yil 20 yanvardagi inauguratsiya marosimi. Foto: twitter/EricTrump

Bugungi kunda olib borilayotgan so‘rovnovmalarning natijasiga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi Jo Baydenning g‘alabasi bashorat qilinmoqda.