Nosoz holatga kelib qolganligi uchun bundan olti oy avval harakat to‘xtatilgan Norin daryosi ko‘prigi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi, deya xabar qildi «Halq so‘zi» Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga asoslanib

Farg‘ona halqa yo‘lidan o‘tgan mazkur ko‘prik 1962 yilda qurilgan va oxirgi vaqtlarda unda ko‘pgina yoriqlar yuzaga kelib, foydalanish uchun xavfli bo‘lib qolgan edi. Andijon va Namangan viloyatlarini avtomobil yo‘li orqali o‘zaro bog‘laydigan ushbu ko‘prikda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Ko‘prikqurilish tresti» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan 8,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Qayta ta’mirlash ishlaridan so‘ng mazkur ko‘prikning eni 1,5 metrga kengaytirilib, ikki chetida piyodalar uchun yo‘laklar ham barpo etildi. Bu orqali ko‘prikning qatnov quvvati oshdi. Undagi ikki tasmali avtomobil yo‘lida bir kunda 20 mingdan ortiq transport o‘tkazish imkoniyati mavjud. Piyodalar uchun ham qulayliklar yaratildi. Kechki payt ko‘prikda bemalol harakatlanishlarini ta’minlash uchun 13 ta elektrodiodli yoritgichlar o‘rnatildi. 1 noyabr kuni qayta rekonstruksiya qilingan ko‘prikni foydalanishga topshirish marosimi tantanali tarzda o‘tkazildi. Unda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Sh. Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, Norin daryosi ko‘prigini ta’mirlash vaqtida daryoni kesib o‘tish uchun vaqtinchalik ko‘prik qurilayotgani haqida xabar bergan edik.