30 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasiga gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohadagi qonunchilik ijrosi to‘g‘risida yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatda «Hududgazta’minot» kompaniyasiga qarashli 89,1 ming km gaz quvurlari mavjud, ulardan 20,5 ming km — 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgan, 25,7 ming km — 10−25 yil, 42,9 ming km — 25−30 yildan ortiq foydalanilgan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov gaz quvurlari nega 25−30 yil davomida almashtirilmagani haqida so‘radi.

«30 yilgacha nima qildik? Gazning puli qani? Qancha odam gaz uchun pul to‘layapti-ku. Majburiy ijro byurosi oborib-kelayapti-ku to‘lamaganlik uchun. Qarzdorlik uchun mashinasigacha olib qo‘yadi. U pul qani?» — dedi senator.

766,4 km uzunlikdagi gaz quvurlari o‘z vaqtida almashtirilmagani va hozirda ularni to‘liq almashtirish kerakligi sababli kapital ta’mirga muhtoj ekanligi haqida xabar berildi. Agar ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmasa, tabiiy gaz yo‘qotilishi kundan-kunga ortib boradi va turli baxtsiz hodisalarni yuzaga keltiradi, deyiladi parlament yuqori palatasi xabarida.

Bundan tashqari, «Hududgaztaminot» AJ tasarrufidagi 16,7 ming km yer osti po‘lat gaz quvurlarini elektrokimyoviy himoya qilish uchun jami 1305 ta himoya vositalari ishlatiladi. Ushbu vositalar loyihalashtirish asosida har 2−3 km masofada ishlatilishini hisobga olsak, atigi 2610 km yer osti po‘lat gaz quvurlari yoki 16 foizi elektrokimyoviy himoyalanganligi aniq bo‘ladi. 14,1 ming km yer osti po‘lat gaz quvurlari umuman himoyalanmagan, deya ta’kidlamoqda Senat matbuot xizmati.

«Afsuski, 25−30 yil oldin yotqizilgan gaz quvurlarini almashtirish imkonsiz. Biroq gaz quvurlarini foydalanishga yaroqli holatda saqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmagan», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda «Hududgaztaminot» ixtiyorida 80,3 mingta gazni tartibga solish punktlari mavjud bo‘lib, ulardan taxmiman 40 mingtasi 20−30 yildan ortiq vaqt davomida ishlatib kelinmoqda. Gazni boshqarish punktlarida slesarlar shtatining qisqarishi sababli o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilmagan.

Senatning ta’kidlashicha, mavjud gaz quvurlarining aksariyati hamma taraflama eskirgan bo‘lishiga qaramay, ularni diagnostika qilish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlari to‘g‘ri olib borilmagani sababli avariya ehtimoli yuqori, «O‘ztransgaz» AJ ham zaxira quvurlarini yetkazib berish rejasini to‘liq bajarmagan.

Tolibjon Madumarovning ta’kidlashicha, agar gaz bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, u holda aholini xabardor qilish va elektr energiyasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish kerak.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida tezak (yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan quritilgan yoki qayta ishlangan go‘ng) yoqishga majbur bo‘lgan ayol bilan uchrashuv haqida gapirdi.

«Bir yoshi katta onaxon kelib aytayapti: „yaqinroq kelib meni hidlang, men va boshqa ayollardan go‘ngning hidi kelayapti, biz tezak yoqayapmiz. Istalgan uyga boring va ko‘ring“. Biz minglab odamlar bilan uchrashdik. Quvurlar bor. Ilgari gaz bor edi, ammo endi yo‘q», — deb senator so‘zlarini keltiradi MY5 telekanali.

Unga ko‘ra, parlament so‘rovida ko‘rsatilgan hududlarga tabiiy gaz yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, javob xatida tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar yuz berganda, yuqorida qayd etilgan mahallalar iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.

Shuningdek, senator 2020 yil yanvar-fevral oylarida «Hududgaz Toshkent» MCHJ tomonidan tasdiqlangan tarqatish rejasiga binoan O‘rtachirchiq mintaqasining har bir oilasiga oyiga 20 kg suyultirilgan gaz berilishi kerakligini ta’kidladi. Biroq har bir oilaga atigi 12,2 kg gaz yetkazib berildi.

«Hududgazta’minot» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Abdusamat Saidvaliyev barcha kamchiliklar bartaraf etilishini va’da qildi.

«Bugun bizni mamlakatdagi resurslar masalasi biroz tashvishga solmoqda, ammo biz barcha choralarni ko‘rmoqdamiz. Menimcha, avvalgi barcha kamchiliklarni har bir uyga tashrif buyurib, hal qilishimiz mumkin», — dedi u.

1 noyabrdan boshlab xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shu jumladan restoran va kafelar uchun tabiiy gazdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi. Energetika vazirligi buni zarur choralar, deb atadi va «yaqin kelajakda muqobil yoqilg‘idan foydalanish nafaqat kuz-qish davrida amalga oshiriladi», deb ta’kidladi.

«O‘zbekneftgaz» shirkatining xabar berishicha, uglevodorod qazib chiqarish hajmini oshirish uchun 295 ta quduq qazilgan va 328 ta tabiiy gaz qudug‘i kapital ta’mirlangan. 2017−2021 yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturi ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC (BAA) tomonidan burg‘ulash hamda kapital ta’mirlash va Enter Engineering RTE. LTD (Singapur) texnologik ob’ektlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilmoqda.