Andijon va Samarqand viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sifatsiz ko‘mirdan «qo‘lbola briket» tayyorlayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan MTV ushbu masalaga munosabat bildirgani xabar qilingan edi. «O‘zbekko‘mir» AJ mazkur xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Tayloq tuman maktabgacha ta’lim tashkilotiga qarashli 30-son MTT ishchi xodimlari ko‘mir kukunidan briket yasayotgani aks ettirilgan video-fotosuratlar yuzasidan «Ko‘mir ta’minot» MCHJ Samarqand viloyati filiali ishchi guruhi o‘sha kunning o‘zidayoq voqea joyida bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur MTT haqiqatan ham 2020−2021 yillar kuz-qish mavsumi uchun jami 9160 kg briket va 4 790 kg ko‘mir mahsuloti qabul qilib olgan. Shundan 4 790 kg ko‘mir mahsulotida taxminan 650−700 kg yoki 14−15 foiz ko‘mir kukuni chiqqan. MTM xodimlari ushbu ko‘mir maydasini isrof qilmaslik maqsadida ularni yig‘ib, suv qo‘shib, guvala shakliga keltirgan va 2−3 kun ochiq havoda quritib, usti yopiq omborxonaga joylashtirgan hamda ustini loy bilan suvab qo‘ygan. Ishchi guruh joyida ko‘rganida, haqiqatan ham ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari usti yopiq omborxonada, usti suvoq qilingan holatda saqlanayotgani aniqlandi.

Mazkur MTT direktori va xo‘jalik ishlari bo‘yicha xodimidan qabul qilib olingan ko‘mir miqdori va sifati haqida so‘ralganida, ular bu haqda hech qanday e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilgan edilar, deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon viloyatida» deb berilgan fotosuratdagi holatlar ham Andijon viloyati maktabgacha ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari bilan birgalikda har bir muassasa bo‘yicha o‘rganib chiqildi. Biroq ushbu fotosuratlar viloyatdagi MTMlarning qay biriga tegishli ekanligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Andijon viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi «Andijon ko‘mir yetkazuvchi» filiali bilan 2020 yilning avgust oyida 5171 tonna ko‘mir va 14718 tonna briket yetkazib berish bo‘yicha 7,624 mlrd so‘mga shartnoma tuzgan.
Shartnomaga asosan sentyabr oyida 1,589 mlrd so‘m mablag‘ o‘tkazilgan.

Boshqarma 8 sentyabrdan ko‘mir olishni boshlagan, 31 oktyabrga qadar boshqarmaga jami 12368 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan (ko‘mir 10034 tonna, briket 2334 tonna).

«O‘zbekko‘mir» AJ aholi va byudjet tashkilotlarini joriy kuz-qish mavsumida yetarli miqdorda sifatli ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rmoqda, — deya izoh berdi «O‘zbekko‘mir» AJ axborot xizmati.