Toshkent viloyatida dorixonadan tashqarida remdesivir dori vositasini 850 ming so‘mdan sotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, fuqaro J.A. tomonidan pandemiya sharoitida katta miqdorda pul ishlash maqsadida, koronavirus infeksiyasini davolashda foydalaniladigan Remdesivir for Injection nomli dori vositasini, dorixona va uning filialidan tashqarida har bir qutisini 850 ming so‘mdan hisoblab, 200 qutisini 170 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda, J.A. Remdesivir for Injection dorilarini qayta sotish maqsadida fuqaro M.K. dan xarid qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan J.A. va M.K.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 1863-moddasi 3-qismi «a» bandi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, JSST tahlillariga ko‘ra, remdesivir dori vositasi COVID-19 ni davolashda samarasiz deb topilgan edi. Biroq, SSV remdesivirni COVID-19 kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalaridan biri sifatida keltirgan edi.