Endilikda yangi manzilga ko‘chib o‘tishda doimiy ro‘yxatga olish uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga borish shart emas.

Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ham foydalanish mumkin. Hozircha fuqarolarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.

Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kirish va xizmatlar ro‘yxatidan fuqarolik bo‘limini tanlash lozim. Undan so‘ng, Yashash joyiga doimiy ro‘yxatga turish xizmat turi tanlanadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berishda arizachi uy-joyning kadastr raqamini va doimiy ro‘yxatga qo‘yilayotgan shasning JSH SHIRni bilishi lozim.

So‘rovnoma shakli to‘ldirilgach, tegishli ravishda Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga yuboriladi. Fuqaro haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda tegishli ma’lumotlar bazalaridan tekshiriladi.

Shundan so‘ng, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari tomonidan doimiy ro‘yxatga olinishi haqida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘ini rasmiylashtirilib, ariza beruvchiga elektron tarzda yuboriladi.

Xizmat narxi bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (4 460 so‘m) miqdorida bo‘lib, Yagona portal orqali xizmat ko‘rsatilganda dastlabki narxdan 10 foiz arzondir.

Xizmat yarim avtomatik tarzda amalga oshiriladi va muddati bir kun. Bundan tashqari, xizmatdan foydalanish uchun ERI kalit ham talab etiladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq mazkur xizmatdan quyidagi holatlarda foydalanish mumkin:

  • Qonun hujjatlariga ko‘ra olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — xususiy mulk qilib olingan uy-joyga.
  • Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.
  • Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.

Elektron raqamli imzo olish. Qo‘llanma