Noyabr oyida o‘rtacha harorat oktyabrga nisbatan 5−7 daraja pastroq bo‘lishi va yog‘ingarchilik ham ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Oktyabr oyi harorat rejimi bo‘yicha nisbatan salqin keldi. Eng sovuq kunlarda kunduzgi harorat 12−15 darajagacha pasaydi. Oxirgi besh kunlikda esa 10−13 daraja iliq bo‘ldi, eng issiq kunlarda kunduzi 24−26 darajadan oshmadi.

Noyabr oyining o‘rtacha harorati oktyabrga nisbatan 5−7 daraja pastdir. Bu oyda yog‘ingarchilik ham ko‘proq kuzatiladi va yomg‘irning qorga aylanish holatlari takrorlanib turadi. Tog‘li tumanlarda ayrim joylarda qor qoplami hosil bo‘lsada, ko‘pincha u beqaror bo‘ladi.

Noyabrning deyarli butun birinchi haftasi davomida O‘zbekistonda ob-havo kam bulutli bo‘ladi. Dam olish kunlarida bulutlilik ortadi, biroq quruq havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Harorat kechasi 2−7 daraja, kunduzi 18−23 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik issiq to‘lqinlar sovuq to‘lqinlar bilan almashib turadi, harorat kechasi 5−8 daraja iliqdan 0−3 daraja sovuqqacha, kunduzi 17−20 daraja issiqdan 3−6 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi.

Kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillarda noyabr oyida harorat, odatda, oyning birinchi yarmida 27−32 darajagacha, janubda 34 darajagacha ko‘tarilgan. O‘tgan asrning o‘rtasigacha eng sovuq noyabrlarda harorat 13−18 daraja sovuqqacha, hatto undan ham past, shimolda 22−27 daraja sovuqqacha pasaygan. Lekin so‘nggi 50 yil ichida respublika hududida noyabrda bunday sovuq kuzatilmayapti. Kamdan-kam holatlarda tunda harorat 4−6 daraja sovuqqa, shimolda 13−16 daraja sovuqqacha tushadi. Faqat 2016 yil noyabrining oxirgi o‘n kunligida harorat 8−13 daraja sovuq, shimolda 20−22 daraja sovuq bo‘lgan.

O‘zgidrometning jahon ob-havo markazlari ma’lumotlaridan foydalanib tayyorlangan dastlabki baholariga ko‘ra, noyabr oyi harorat rejimi yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha me’rlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi sinoptiklar.