Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasining paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha olib borgan monitoring tadbirlariga ko‘ra, 158 nafar mansabdor shaxsning mehnat qonunchiligini buzgani aniqlandi va 577 mln so‘mdan ortiq miqdorda jarimaga tortildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Respublika hududlarida 2 570 dan ortiq tashkilot, fermer xo‘jaligi va klasterlarda o‘tkazilgan monitoring natijasida mehnat munosabatlariga rioya qilinishi yuzasidan 158 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Xabarga ko‘ra, 35 nafar mansabdor shaxs majburiy mehnatga jalb etish holati yuzasidan 372 mln 410 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortildi. Band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish, terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish sharoitlarini yaratish, terim pullarini o‘z vaqtida va belgilangan me’yorlarda berish masalalari yuzasidan 123 nafar mansabdor shaxsga 204 mln 937 ming so‘m miqdorida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

«O‘tkazilgan monitoring davomida 550 dan ortiq fuqarolar bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirilmagani aniqlanib, nafaqat fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari, balki, fuqarolar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi va tegishli shartnomalar tuzildi. 53 ta holatda aybdorlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi», — deyiladi Mehnat vazirligi xabarida.

Joylardagi 17 ta fermer xo‘jaligi va klasterlarda 410 nafardan ortiq fuqaroga terim pullari o‘z vaqtida berilmagan va monitoring tadbirlari natijasida ularga 173 mln so‘mdan ortiq kunlik ish haqi to‘lab berilishi ta’minlandi.

Davlat mehnat inspeksiyasi majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolardan 1176 qisqa raqamiga, (71) 200−06−00 Ishonch telefoniga yoki www.dmi.mehnat.uz sayti orqali murojaat qilishlarini so‘radi.